
Temir yo‘l tibbiyotida raqamli texnologiya yutuqlari
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli tibbiyot soha faoliyatida raqamli texnologiyalar joriy etilishi va ularni keng yo‘lga qo‘yish natijasida qog‘oz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish 60 foizga qisqardi.
2020 yil 28 aprelda Prezidentimiz tomonidan “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4699-sonli qarori qabul qilingani esa yurtimizning har bir sohasida olib borilayotgan raqamli texnologiya bo‘yicha ishlarga dasturil amal bo‘lmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b.ning 2021 yil 5 noyabrdagi Jamiyatning "Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish to‘g‘risida”gi 1109–N-sonli buyrug‘i asosida “T-MED” integratsiyalashgan axborot tizimi joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan maqsad – temir yo‘l tibbiyot muassasalarini masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va shifoxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazib, “T-MED” integratsiyalashgan axborot tizimini shakllantirish, yaʼni temiryo‘lchilar va aholining qog‘oz hujjatlar bilan ishlashini, navbat kutish jarayonlarini qisqartirishdir.
Hozirda ushbu loyiha tizimdagi Markaziy poliklinika, Qo‘qon, Andijon, Samarqand, Qarshi, Urganch, Qo‘ng‘irot temir yo‘l shifoxonalari, “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysi, “Salomatlik” TSYOP va Markaziy klinik shifoxonasi ushbu axborot tizimiga ulanib, to‘liq shaklda faoliyat yuritmoqda. Keyinchalik temir yo‘l tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya va temir yo‘l o‘latga qarshi stansiyalarida ham tatbiq etiladi. Hozirda temir yo‘l tizimidagi ko‘plab korxona va tashkilotlarda bo‘lgani kabi tibbiyot muassasalari yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘i mavjud. Shu sabab, “T-MED” integratsiyalashgan axborot tizimining samarali ishlash imkoniyati yaratilib, quyidagi ishlar amalga oshirildi:
– “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Sog‘liqni saqlash xizmati va “Elektron hukumat” identifikatsiyalashgan yagona tizimi o‘rtasida o‘zaro maʼlumot almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi;
– O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan to‘lov to‘g‘risidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda fiskal maʼlumotlar operatori maʼlumotlar bazasiga uzatilishi hamda haridorlarga fiskal belgili elektron fiskal chek taqdim qilinishini integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi;
– “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Sog‘liqni saqlash xizmatining ichki internet telekanali tashkil etildi va tibbiyot muassasalarida 30 ta televizor o‘rnatildi va faoliyatini yuritmoqda;
– Personallarni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasining “E-xodim” elektron platformasi bilan integratsiya qilish ishlari boshlandi;
– Diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, shu jumladan teletibbiyotni (telemeditsina) joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha videomuloqot shaklida ishlash jarayonlari tashkillashtirilmoqda;
– Tizimidagi tibbiyot muassasalarining 14 000 dan ortiq elektron ambulator karta shakllantirildi;
– 56 000 ortiq bemor ro‘yxatdan o‘tgan;
– Tibbiyot muassasalari shifokorlari tomonidan 357 000 dan ortiq elektron tashxis va elektron retsept berildi;
– “T-MED”ning www.t-med.uz veb sayti ishga tushirildi va bemorlar onlayn ravishda shifokorlar qabuliga yozilishi va qabuldan so‘ng, shifokorni baholash va shaxsiy fikrlarini qoldirish imkoniga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, “T-MED” integratsiyalashgan axborot tizimini joriy qilish orqali qog‘oz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish 60 foizga qisqardi.
Bundan tashqari, onlayn konsiliumlar, onlayn seminarlar, onlayn master klass darslari va onlayn namoyishli jarrohlik amaliyotlari tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Raqamli iqtisodiyotni joriy etish va unumli ishlatish albatta, mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois, sohada kadrlar tayyorlashga har tomonlama ahamiyat berilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida bepul o‘qitish mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Mazkur zamonaviy texnologik tizimni sifatli va keng qamrovli amalga oshirish maqsadida, Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalarida optik tolali internet tarmog‘i tortildi. Tibbiyot muassasalariga 1 488 631 ming so‘mlik 280 dona kompyuter jamlanmalari xarid qilindi.
Muhimi, har bir sohada raqamli texnologiyalar qancha keng va sifatli joriy qilinsa, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi muvaffaqiyatli bo‘ladi. Temir yo‘l tizimi tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, ana shundan muvaffaqiyatlarning debochasi bo‘lib, oldinda bundan-da katta samarali ishlar turibdi. Ishonamizki, usbu sa’y-harakatlar xalqimizning og‘irini yengil qilishga hamda byurokratiya va korrupsiyaning kamayishiga xizmat qiladi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI