
Sanoat korxonalarining tarmoqlararo kooperatsiyasi
Bugun «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasi 14-18 noyabr kunlari davom etadigan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi mehmonlari uchun o‘z eshiklarini ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Raqamli transformatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 10 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ishtirok etmoqda.
–Respublika miqyosidagi yarmarkada temir yo‘l tarmog‘idagi «O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir» UK, “Andijon mexanika zavodi” SHK, “Quyuv-mexanika zavodi”SHK, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” AJ, “Toshkent mexanika zavodi” AJ, shuningdek, «UzXSMG» QK ishtirok etmoqda va 200 ortiq mahsulotlarni namoyish etmoqda, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning sanoat faoliyatini tashkil etish va nazorati boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Furqat Buranov. – Bu yerda siz taqdim etilayotgan mahsulotlarning ranglar bo’yicha tasnifini ko‘rishingiz mumkin, masalan, mahsulot tavsifidagi yashil rang uning to‘liq mahalliylashtirilganligini va barcha kerakli muvofiqlik sertifikatlari mavjudligini bildiradi, sariq – ishlab chiqarish o’zlashtirish bosqichidagi mahsulot va qizil mahsulotlar import qilinadigan mahsulotlardir. Ushbu rangli belgilar yordamida potensial mijozlar va hamkorlar tomonidan osongina yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish mumkin.
– “Andijon mexanika zavodi” va “Quyuv-mexanika zavodi” sho‘ba korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 80 foizdan ortig‘i mahalliylashtirilib, xalqaro bozorda muvaffaqiyatli sotilmoqda, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ sanoat faoliyatini tashkil etish va nazorati boshqarmasi o‘rinbosari Nodir Кахorov. – Ayni paytda zavodlarimizda shartnoma asosida ishlab chiqarilayotgan vagonlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmanistonga sotilmoqda, Ozarbayjon, Gruziya bilan yuk vagonlari uchun ehtiyot qismlarni etkazib berish bo‘yicha muzokaralar faol olib borilmoqda. Yana shuni taʼkidlash joizki, Quyuv-mexanika zavodi yaqinda Afg‘oniston Respublikasi bilan 42 ta yuk vagonlarini etkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shuningdek, zavod erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmay, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘z oldiga katta vazifalarni qo‘ymoqda. Yaqin kelajakda ishlab chiqarishni jahon andozalari talablari asosida oshirish, jahon darajasiga chiqish bilan raqobatbardoshlikka erishish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma bilan tanishish va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lganlar uchun 18 noyabrgacha, jumladan, «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasining 3-pavilonida temir yo‘l sohasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI