OITS kasalligi va undan himoyalanish haqida

OIV infeksiyasi XXI asrning eng muhim muammolaridan hisoblanib, ushbu kasallik butun yer yuziga tarqalib, ko‘plab davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy taʼsir qilmoqda.

OITS muammosi faqatgina tibbiyot muammosi bo‘lmay, boshqa sohalarni rivojlantirishga ham to‘sqinlik qiladi.
Har yili 1 dekabr sanasi “OITSga qarshi butunjahon kurash kuni” sifatida nishonlanadi. OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, undan saqlanish bo‘yicha aholi orasida ogohlikni oshirish masalalariga eʼtiborni qaratish maqsad qilinadi.

OITS virusning 3 xil yo‘l bilan yuqishi aniqlangan.
1. Jinsiy aloqa yo‘li orqali: bu yuqish yo‘liga – geteroseksual, biseksual, gomoseksual yuqish yo‘llari, palapartish xayot kechirish kiradi.
2. Parenteral yo‘l orqali, yaʼni virus bilan zararlangan qon va qon mahsulotlari quyilganda, nosteril shprislar va tibbiy asbob-uskunalardan
foydalanilganda, teri butunligi buzilishi bilan kechadigan barcha muolajalarda yuqishi mumkin.
3. Vertikal yo‘l orqali, yaʼni OITS virusini tashuvchi onadan homilaga yoki chaqaloqqa tug‘ruq jaraѐnida va tug‘ilgandan so‘ng ona suti orqali yuqishi mumkin.

Kasallik turli aholi yoshdagi, ayniqsa, navqiron 20-49 yoshlar o‘rtasida ko‘plab kuzatilishi bilan ahamiyatlidir. Mehnat migrantlari orasida OIV infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.

OIV infeksiyasi butun dunyo bo‘yicha 15-59 yoshdagi aholi orasida ko‘plab uchramoqda. OIV/OITS bilan kasallanganlar (95%) yashash sharoiti past va o‘rtacha bo‘lgan davlatlarda yashaydilar, bu yerlarda ko‘pincha OITS tufayli o‘lim holatlari ko‘p uchraydi.

OIV infeksiyasining xavfli guruhlar orasida narkotik moddalarini qabul qiluvchilarda kasallik ko‘rsatkichi yuqori darajada ekanligi aniqlandi.

Ushbu masalalar bo‘yicha Markaziy SES xodimlari temir yo‘l korxona, tashkilot va muassasalarida “OITS kasalligi va undan himoyalanish” mavzusida maʼruzalar, targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.

Hozirgi kunda OIV infeksiyasiga qarshi kurashadigan asosiy qurol – bu profilaktika, yaʼni kasallikning oldini olishdir. Bunda quyida keltirilgan holatlarga eʼtibor berish kerak:

1. OIV infeksiyasi va uning oldini olish bo‘yicha aholining boxabarligini oshirish.
2. Giyohvand moddalarni qabul qiluvchilarda OIV infeksiyasi yuqish xavfini kamaytirish.
3. Kasallikning jinsiy yo‘l orqali yuqishini oldini olish, tashxis qo‘yish hamda o‘z vaqtida davolash.
4. Donor qonini OIV infeksiyasiga majburiy tekshirish.
5. OIV infeksiyasini onadan bolaga o‘tishining profilaktikasini amalga oshirish.
6. OIV infeksiyasini kasb taqozosi bo‘yicha yuqishining oldini olish.


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
MSES epidemiologiya bo‘lim mudiri

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI