
Grippdan ehtiyot bo'ling!
Ob-havoning sovib ketishi bilan gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar ko‘payishi holatlari kuzatiladi. Gripp o‘tkir yuqumli virusli kasallik bo‘lib, yuqori nafas yo‘llarining zararlanishi bilan kechadi. Gripp virusining A, V, S turlari mavjud. Kasallik manbai faqat bemor odam hisoblanib, asosan havo-tomchi yo‘li orqali bemor aksirganda, yo‘talganda, gaplashganda tez yuqadi.
Gripp kasalligiga mavsumiylik xos bo‘lib, asosan kuz-qish va bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Ushbu mavsumda kunning sovib ketishi natijasida yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanish kabi kasalliklarning ko‘payishi, organizmda vitaminlar tanqisligi kuzatiladi. Shuningdek, immun holati pasaygan bolalar, keksa yoshdagi kishilar, homilador ayollar, surunkali kasalligi bo‘lgan insonlarda kasallik tezda rivojlanadi.
Kasallikda haroratning ko‘tarilishi, burun bitishi, aksa urish, mushaklardagi og‘riq, bosh og‘rig‘i va holsizlik kabi belgilar kuzatiladi.
Kasallikning oldini olish uchun uyushgan jamoalarda, yaʼni ish joylarida xonalarni tez-tez shamollatish, namli tozalash o‘tkazish, ko‘proq ochiq havoda sayr qilish, grippga qarshi vaksina bilan emlanish kerak.
Gripp bilan kasallanganda o‘zboshimchalik bilan davolanmaslik, grippga qarshi qabul qilinadigan davo muolajalari faqat shifokor tavsiyasiga ko‘ra bo‘lishi kerak.
Har bir shaxs kun tartibiga rioya qilishi, badantarbiya, tanani muntazam chiniqtirish, mavsumga mos kiyinish, ko‘proq suyuqlik – malinali, smorodinali, limonli choy, issiq sut, naʼmatak damlamalarini ichish, meva va sabzavotlardan ko‘proq isteʼmol qilish tavsiya qilinadi. Oilada yoki ish joyida biror-bir kishida gripp kasalligiga shubha qilinganda uni jamoat joylariga yubormaslik, atrofdagilardan alohidalash zarur.
Yuqorida aytib o‘tilgan tavsiyalarga amal qilinsa, har birimiz gripp kasalligini oldini olishga o‘z hissamizni qo‘shamiz hamda boshqalarni o‘tkir respirator kasalliklaridan asragan bo‘lamiz!
Hozirgi kunda Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalarini oldini olish maqsadida epidemik mavsumdan oldin grippga qarshi emlash uchun O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasidan 3500 doza grippga qarshi vaksina olib kelindi. Dastlab ushbu vaksina bilan davolash profilaktika muassasalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari emlandi.
Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxona, tashkilot va muassasalarda temiryo‘lchilar orasida mavsumiy gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha epidemik barqarorlikni taʼminlash maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqildi va ular amalga oshirilmoqda.
Hurmatli temiryo‘lchilar! Barchangizdan gripp va o‘tkir respirator infeksiyalariga qarshi amalga oshiriladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar bo‘yicha eʼtiboringizni kuchaytirib, hushyorligingizni oshirishingiz so‘raladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI