O'zbekiston – Italiya: O'zaro hamkorlikni mustahkamlash to'g'risidagi hujjat imzolandi
Bugun, 2024-yil 3-may kuni davom etayotgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Italiyaning “Arsenale group” kompaniyasi o‘rtasida umumiy loyihalar bo‘yicha yaqin aloqalarni yanada mustahkamlashni nazarda tutuvchi shartnoma imzolandi, xususan, “The Samarkand express” sayyohlik poyezdlarini yo‘lga qo‘yish loyihasida.
Mazkur hujjatning imzolanishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov va Italiyaning “Arsenalе group” kompaniyasi bosh direktori Paolo Barlette boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Imzolangan hujjat ikki kompaniya oʻrtasida 2026-yil oxiridan Oʻzbekistonda qatnovni boshlaydigan hashamatli poyezd yaratish boʻyicha yakuniy kelishuvni tuzishga asos boʻladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur poyezdlar qurilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli korxonalarda amalga oshiriladi. Hashamatli poyezd 13-15 ta vagondan iborat bo‘lib, 76 ta mehmonga mo‘ljallangan 38 ta kupe (lyuks, delyuks va superdelyuks) bo‘ladi. Toshkent – Xiva yoʻnalishi boʻyicha sayohatning taxminiy davomiyligi Samarqand va Buxoroda toʻxtash bilan 2 kecha-yu 3 kunni tashkil etadi. Yiliga taxminan 70 dan 90 gacha reyslarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Poyezd yuqori ekologik barqarorlik standartlariga javob beradi. Temir yo‘l kruizlari sayohatning ekologik toza va barqaror usuli hisoblanadi va “The Samarkand express” ham bundan mustasno emas. “The Samarkand express” Markaziy Osiyodagi birinchi global loyihadir.
Bugungi imzolashda tomonlar samarali hamkorlik uchun o‘zaro minnatdorlik bildirdi.
– “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati nomidan oramizda shunday o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatilayotganidan chuqur mamnunman, – deydi Xikmatulla Raxmetov. – Umumiy hujjatlarning imzolanishi O‘zbekistonda noyob sayyohlik poyezdini yaratishga qaratilgan hamkorligimiz rivojida yangi bosqich bo‘ldi. Umumiy hujjatlarning imzolanishi O'zbekistonda noyob sayyohlik poyezdini yaratishga qaratilgan hamkorligimiz rivojida yangi bosqich bo'ldi. Biz "Arsenale group" bilan hamkorligimiz o'zaro manfaatli bo'lishiga to'liq ishonamiz. U O‘zbekistonga zamonaviy texnologik yechimlarni olib keladi va sayyohlarimiz uchun ajoyib mahsulot yaratish imkonini beradi. O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi bilan dunyoni tanishtiruvchi, jahon turizm sanoatida o‘chmas iz qoldiradigan ushbu qiziqarli loyihani birgalikda amalga oshirishni intiqlik bilan kutamiz.
– Bugungi imzolangan kelishuv bozorda o'xshashi yo'q hashamatli turizmni xalqarolashtirish rejamizni yanada mustahkamlaydi", - deydi Paolo Barletta. – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga Osiyodagi birinchi hashamatli poyezdimiz “The Samarkand express” loyihasi bo‘yicha hamkorlik qilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirish, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish orqali mehmonxona xizmatlarini modernizatsiya qilish va sifatini oshirish bilan birga hashamatli turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avval xabar berganimizdek, 2023-yil 17-oktabr kuni Samarqand shahrida 2023-yil 16-20-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-yubiley sessiyasi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Italiyaning “Arsenale group” kompaniyasi o‘rtasida Oʻzbekistonda sayyohlik poyezdini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Memorandum imzolangan edi.
“The Samarkand express” O‘zbekiston sayyohlik industriyasining tamal toshiga aylanishi kutilmoqda va sayohatchilarga mamlakatning boy tarixi, madaniyati va go‘zal tabiatiga sho‘ng‘ishning o‘ziga xos va unutilmas usulini taklif etadi. Uning muvaffaqiyati O‘zbekistonning turizm sohasiga qo‘shimcha sarmoya kiritish, uning iqtisodiy o‘sishi va jahon turizm xaritasida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun zamin yaratadi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI