CASCA+: Temir yoʻl maʼmuriyatlari vakillarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 28-29 may kunlari Toshkent shaxrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya davlatlarining temir yo‘l administratsiya vakillari o‘rtasida CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishlarni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda yirik eksport qiluvchi korxona vakillari ham ishtirok etdilar, xususan, Uzkimyoimpeks, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “UzAvtoSanoat” AJ, Toshkent quvur zavodi va boshqalar.
Uchrashuv davomida tomonlar CASCA+ transport yo‘lagini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo'lgan loyihalarni muhokama qildilar. Muhokama davomida CASCA+ transport yo‘lagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun “O’zbekiston temir yo’llari» AJ tomonidan konsorsium tashkil etish taklifi ilgari surildi, unda barcha temir yo'l ma'muriyatlari vakillari ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatladilar va ushbu transportyo‘lagini yanada faol rivojlantirish maqsadida konsorsium uchun mutaxassislarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini ko'rsatdilar.
Bundan tashqari CASCA+ yo‘lak bo‘yicha tez buziluvchi (meva-sabzavotlar) yuklarni refrijerator konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish va yo‘lakning sayt faoliyatini rivojlantirgan holda yo‘lak bo‘ylab harakatlanuvchi vagon va konteynerlar joylashuvini (dislokatsiyasini) onlayn tarzda kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ta'kidlash joizki, 2024 yil 18 mart kuni O'zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tez buziluvchi mahsulotlarni tashish uchun refrejirator konteynerlarni rivojlantirish muhimligiga e'tibor qaratdi.
*CASCA+ – Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat temir yo‘llari qo‘shma tashabbusi. Hozirda bu yoʻnalish uchta mintaqani qamrab oladi – Markaziy Osiyo (Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon va Gruziya), Anadolu (Turkiya). Yo'nalish nomidagi "+" belgisi marshrut bo'ylab tashishdan manfaatdor bo'lgan yangi potentsial ishtirokchilarni qabul qilishga tayyorligini bildiradi, uning yakuniy maqsadi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan, Xitoyni Evropa bilan bog'lashdir.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI