
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar G‘iyasovich Narzullayevning jamiyat xodimlariga TABRIGI
Assalomu alaykum aziz temiryo‘lchi yoshlar!
Avvalo, Sizlarga, mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – 30 iyun -Yoshlar kuni bayramini tantanali nishonlash uchun tashrif buyurganingiz uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Barchangizga ushbu ayyom, Yangi O‘zbekistonimizning yosh bunyodkorlarining qutlug‘ bayrami muborak bo‘lsin!
Tarixdan bizga yaxshi ma’lumki, har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lida, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq.
Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bugun muhtaram Prezidentimiz boshchiligida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi.
Jamiyatimizning barcha jabhalariga har tomonlama barkamol avlod vakillari dadil kirib kelmoqda, ularning mavqei tobora yuksalib bormoqda.
Gʻayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar yoshlarimiz har qachongidan faol, tashabbuskor!
O‘zbekiston temir yo‘llari tizimida ham zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan, barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat 18 ming nafar yoshlar faoliyat yuritmoqda.
Temiryo‘lchi yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamisha diqqat-e’tiborimizda bo‘lib kelmoqda.
Birgina temir yo‘l tizimida o‘tgan 2023 yilning o‘zida yoshlar hayotiga bevosita taalluqli bo‘lgan 50 dan ortiq loyihalarni amalga oshirilgani fikrimiz isbotidir.
Dunyo tajribalarini o‘rganish temir yo‘l sohasini rivojlantirish maqsadida yoshlarimizdan bugungi kunda nufuzli chet el oliy o‘quv yurtida 114 nafar temiryo‘lchi yoshlar ta’lim olmoqda.
Korxona yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan tashkil qilingan “Temiryo‘lchi volontyorlar” guruhlari ishtirokida doimiy ravishda “Xavfsiz hudud”, “Yashil makon”, “Farzandlik burchim”, “Mehr-muruvvat” aksiyalari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, temiryo‘lchi yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari qatorida Vatan ravnaqi, temir yo‘l taraqqiyoti uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Shuningdek, sohamizda sport, ta’lim, mamlakatimiz va xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelayotgan yoshlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Temiryo‘lchi yigit-qizlarimizning sohada, jamoat ishlarida erishayotgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga davlatimiz tomonidan katta ahamiyat berilayotgan alohida tahsinga sazovor.
Ana shunday vatanparvar, fidoyi yoshlarimizdan
1 nafari “Kelajak bunyodkori” medali, 1 nafari “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani barchamizni quvontiradi.
Kuni kecha yana bir xushxabarni o‘qib, ko‘nglimiz cheksiz iftixorga to‘ldi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga, uning shon-shuhratini jahon miqyosida yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, namunali, xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan yoshlarni «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotladilar.
Ular orasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining «O‘zbekiston» lokomotiv deposi «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanadigan elektropoyezdi mashinisti yordamchisi Gʻofurova Dinora Alisher qizining ham borligi nafaqat temiryo‘lchi yoshlarni, balki sohadagi barcha ishchi-xodimlarni birdek xursand qilib yubordi.
Aziz yoshlar!
Yana bir bor barchangizni bugungi quvonchli bayram bilan tabriklayman!
Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz” degan so‘zlarini qalbingizga jo qilib, ozod va obod Vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlar yo‘lida fidoyilik bilan yashashdan charchamang!
Barchangizga baxtu saodat, o‘qish va ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI