O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi
2024-yil 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, xususan, ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishdi.
Ayni paytda mamlakatimizda zamonaviy yo‘l infratuzilmasi jadal rivojlanmoqda, xalqaro bozorlarga chiqish uchun yangi yo‘llar barpo etilmoqda, bizni boshqa davlatlar bilan bog‘lovchi keng transport tarmog‘i yaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, hukumatimiz iqtisodiy yuksalishning asosi bo‘lgan temir yo‘l tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda.
Temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xususiy investitsiyalarni jalb etish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish va mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2023 yil 10 oktyabrdagi PQ-329-son qaror qabul qildi.
Mazkur qarorni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun temir yo‘l sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini, xususan, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish zarur.
Tadbir ishtirokchilari, avvalo, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Yagona dispetcherlik markazida bo‘lib, markaz faoliyati va tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining yagona dispetcherlik markazi temir yo‘l tarmog‘ida poyezdlar harakatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. U temir yo'l transporti harakati xavfsizligi va samaradorligini ta'minlash uchun javobgardir, poezdlar harakati jadvalini nazorat qiladi, muammolarni hal qiladi.
Keyingi navbatda deputatlar turli rusumdagi yangi yo‘lovchi vagonlar qurish, kapital taʼmirlash hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” AJda bo‘ldi. Zavod, shuningdek, yo‘lovchi vagonlari, elektr poyezdlari va metro vagonlarini rejali taʼmirlashning barcha turlarini, yo‘lovchi vagonlarini qayta jihozlashni va yo‘lovchi vagonlari aravalarini ishlab chiqarishni amalga oshiradi.
Tashrif davomida masʼullar so‘zga chiqib, “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi, o‘n yettita vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan. U keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi va Jahon banki ekspertlari tomonidan maʼqullandi. O‘zbekiston Respublikasi uchun temir yo‘l transporti tizimining holati va rivojlanishining muhimligini, shuningdek, ushbu tizim infratuzilmaning boshqa tarmoqlari bilan bir qatorda jamiyat hayoti uchun asosiy shart-sharoitlarni taʼminlashini va ijtimoiy, iqtisodiy va tashqi siyosat maqsadlariga erishishda muhim element bo‘lishini hisobga olib, maʼruzachilar ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashni so‘rashdi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI