Matbuot anjumani: Mutaxassislar yo'lovchilarni tashish bo'yicha jurnalistlarning dolzarb savollariga javob berishdi

Matbuot anjumani: Mutaxassislar yo'lovchilarni tashish bo'yicha jurnalistlarning dolzarb savollariga javob berishdi

2024-yil 5-sentyabr kuni "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ  tomonidan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda mas'ul shaxslar va jurnalistlar o'rtasida savol-javoblar o'tkazildi. Shu bilan birga ish jarayoni, yo'lovchilarga xizmat ko'rsatishni yaxshilash va qulaylik yaratish bo'yicha rejalashtirilgan ishlar haqida gapirildi.

Anjuman boshida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori Sharafiddin Qodirov yo'lovchilarni tashishni rivojlantirish yo'lida qilinadigan strategiyalarni tadbir qatnashuvchilariga taqdim qildi. U o'zining taqdimotida yo'lovchi tashishning hozirgi holati, xizmat qilish muddati tugagan vagonlar soni, 2019-yildan 2024-yilgacha xarid qilingan vagonlar, vagonlar parkidagi o'zgarishlar dinamikasi, chipta narxlariga ta'sir qiluvchi omillar va o'zgarish suratlari haqida gapirib o'tdi. Ko'tarilgan narxlardagi chiptalarning sotilishi, boshqa davlatlar bilan chiptalar narxlarini solishtirish, xizmat ko'rsatishni yaxshilash va kelgusidagi rejalar haqida so'z yuritdi.

So'ng mas'ul shaxslar jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi. Savollar ichida asosan, yo'lovchi vagonlaridagi sovutish tizimi haqida bo'ldi. Mutaxassislar vagon parklarining ko'pchiligini qurish paytida (SSSR davrida) yo'lovchi vagonlarini sovutish tizimi o'rnatilmaganligini ta'kidlashdi. Lekin xizmat muddati tugagan vagonlarni qayta modernizatsiya qilish jarayonida sovutish tizimi joriy qilingan. Yangi va modernizatsiya qilingan vagonlar poyezdning uzoq masofalarga qatnovi bo‘yicha oqilona taqsimlanadi. Bundan tashqari, konditsionersiz poyezdlarning chipta narxlari odatdagilariga qaraganda arzonroqligi aytib o'tildi.

Shuningdek, OAV vakillaridan chiptalar narxi oshib ketish haqidagi savollar ko'proq tushdi. Bunga mutaxassislar 2018-yildan beri chiptalar narxining o'zgarmaganligi, ammo u bilan bog'liq omillarda bo'layotgan o'zgarishlar haqidagi infografikani namoyish qilishdi. Masalan, oylik ish haqining 350% ga, elektr energiyasi 800% ga, vagonlarning ta’mirlash sarf-xarajatlari 180% ga va boshqa xarajatlar 520% ga oshgan.  Bu ma'lumotlar chiptalar narxi ko'p yillar davomida o'zgarmagan bo'lsa-da, vagonlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko'rsatish va boshqa xizmatlar narxi sezilarli darajada oshganini tushuntirish uchun mo'ljalangan.

Bundan tashqari, anjuman qatnashuvchilarini vagon kuzatuvchilarining ishlari nazoratga olinganligi haqidagi savol qiziqtirdi. Misol tariqasida, yo'lovchini yuqori klassdagi vagonga o'tkazish uchun pul talab qilingan holatlarni keltirishdi. Bu kabi vaziyatlarning oldini olish maqsadida yo'lovchi vagonni o'zgartirishni istasa, "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ  joyidayoq o'zgartirish imkonini beruvchi tizimi joriy qilinganligi haqida aytildi. Mutaxassislar ushbu tizim haqida batafsil ma'lumotlarni berib o'tishdi.

Shuningdek, bekor qilingan chiptalar summasining qaytarilishi uzoq vaqt olishi muhokama qilindi. Anjuman qatnashchilariga mutaxassislar bekor qilingan chiptalarning summalari onlayn tarzda o'sha zahotiyoq qaytarib berilishi haqida ma'lumot berishdi. Bekor qilingan chipta pullari 60 sekunddan ham qisqa muddat ichida qaytarib tushirilgan.

Bundan tashqari, turli toifadagi fuqarolar uchun chiptalar va ular uchun chegirmalar mavjudligi, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari, xizmat ko‘rsatishni yaxshilash rejalari haqida gapirildi.

Matbuot anjumaning yakunida mas'ullar "O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ asosiy maqsadi - yo'lovchilarga qulay sharoitlarni taminlash va xizmat sifatini oshirishligini alohida ta'kidlab o'tishdi. Yaqin kelajakda vagon parklarini modernizatsiya qilish ishlarini davom ettirish, xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash va yo'lovchilar tashishda yangi texnologiyalarning joriy qilish ko'zda tutilganligi aytildi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI