"Jaloliddin Manguberdi" yo‘lovchi poyezdining Xivaga tantanali jo‘natilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 2026-yil 5-may kuni "Toshkent-Markaziy" vokzalida Hyundai Rotem kompaniyasining Toshkent - Xiva - Toshkent yo‘nalishida qatnovchi birinchi "Jaloliddin Manguberdi" yo‘lovchi poyezdi tantanali ravishda ishga tushirildi.

Tadbirda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, shuningdek, Hyundai Rotem kompaniyasining yuqori martabali rahbarlari va mutaxassislari, faxriylar, temiryo‘lchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raхmetov tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlari tufayli biz temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va xalqaro transport aloqalarini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishayotganimizni taʼkidladi.

Oʻzbekiston temir yoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Q.Sabirov ham mehmonlarni poyezdning ishga tushirilishi bilan tabrikladi. U yangi yoʻnalishning ichki turizmni rivojlantirishdagi ahamiyatini taʼkidladi, temir yoʻlchilarga fidoyi mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi va yoʻlovchilarga qulay va yoqimli sayohatlar tiladi.

Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Von Do Yon oʻz nutqida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni va Hyundai Rotem kompaniyasining Oʻzbekiston harakatlanuvchi tarkibini modernizatsiya qilishga qoʻshgan hissasini taʼkidlab, mamlakat temir yoʻl transportiga yanada ravnaq tiladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan bu loyihalar avvalo, davlatimiz rahbarining temir yo‘l tarmog‘idagi islohotlarining natijasi ekanligni aytib, ushbu yuqori tezlikda harakatlanadigan zamonaviy poyezd poytaxtimiz Toshkentni mamlakatimizning shimoliy hududidagi qadimiy va turizm shahri bo‘lgan Xiva bilan bog‘lashi yurtimiz temir yo‘l transporti tarixida katta muvaffaqiyat ekanligini mamnuniyat bilan tilga olishdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik va Koreya mutaxassislarning, temir yo‘l sohasi vakillarining mehnati va izlanishlari najitasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda tezyurar poyezdlarimiz Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofani 14 soatda bosib o‘tayotgan bo‘lsa, “Hyundai Rotem” poyezdlari harakatga qo‘yilishi bilan mazkur masofa vaqti deyarlik ikki barobarga qisqaradi. Ushbu yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan 1 ming 22kilometrlik masofani 7 yarim soatda bosib o‘tadi.

250 kilometr tezlikda harakatlana oladigan zamonaviy poyezdlar tarkibining uzunligi 175 metr, sig‘imi 389 o‘ringacha. 7 ta vagondan iborat. 

“Hyundai Rotem” kompaniyasining yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlari O‘zbekistonning iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan. Ya’ni +50 haroratdagi issiqlik hamda –40 darajadagi sovuqlikda ham ishonchli harakatlanish imkoniga ega. Poyezd Qizilqum cho‘lining qumli uchastkalaridan o‘tayotganda ham vagonlar ichiga chang mutlaqo kirmaydi, haddan tashqari yuqori va past haroratlarga, qum-bo‘ronlarga chidamli tizimlar bilan jihozlangan hamda uzoq masofalarga sayohat qilish uchun mo‘ljallangan. Yangi poyezd vagonlarida  o‘rindiqlar yo‘lovchi xohishiga qarab har ikki yo‘nalish bo‘yicha buriladi, shuningdek, vagonlarda kuzatuv kameralari ham ishlab turadi, maxsus ekranlarda esa harakat xaritasi va tezlik ko‘rsatkichlari ko‘rsatib beriladi.

Yangi avlod poyezdlarining yurtimizga olib kelinishi sohadagi islohotlarning ifodasi bo‘lib, nafaqat aholiga qulaylik hozirlash, balki turizm imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi. 

Ta’kidlash lozimki, ushbu poyezdlarni yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston temiryo‘lchilari tomonidan 450kilometrlik “Buxoro – Urganch – Xiva” uchastkasi yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar uchun to‘liq elektrlashtirildi.

Shuningdek, “Navoiy – Buxoro” uchastkasida 92,12 kilometrlik yangi elektrlashtirilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarga moslashtirilgan ikkinchi temir yo‘l qurilishi loyihasi yakuniga yetkazildi. 

Zamonaviy poyezdlarining mamlakatimiz temir yo‘llariga qo‘yilishi oldidan esa “Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Xiva” temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini va mavjud infratuzilma butligini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va “Hyundai Rotem” kompaniyasidan kelgan mutaxassislar tomonidan zamonaviy poyezdda rejalashtirilgan texnik sinov nazorat harakatlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

“Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirdan so‘ng “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi dastlabki yo‘lovchilar va mehmonlar bilan  Toshkentdan qadimiy Xiva shahri tomon harakatlandi. Yo‘l davomida ilk qatvoning yo‘lovchilari, mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchqur poyezd qulayliklari, zamonaviy sharoitlari hamda yuqori tezlikda harakatlanish imkoniyatlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Poyezd yetti yarim soatda “Xiva” vokzaliga muvaffaqiyatli yetib keldi va yangi poyezdning dastlabki reysi tantanali kutib olindi.

Zamonaviy “Jaloliddin Manguberdi” poyezdlarining Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi: 

“Toshkent-Markaziy” vokzali → Xiva  
Jo‘nash vaqti: 07:00  
Xivaga yetib borish vaqti: 14:31  

“Xiva” vokzali → “Toshkent-Markaziy” vokzali  
Jo‘nash vaqti: 07:20  
Toshkentga yetib kelish vaqti: 14:51  

Qatnov kunlari:
- Toshkent → Xiva: haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlari
- Xiva → Toshkent: haftanig chorshanba, juma, yakshanba kunlari

Qatnov boshlanish sanalari:
5 may — Toshkentdan ilk qatnov  
6 may — Xivadan ilk qatnov.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI