“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ jurnalistlar uchun yangi yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar bo‘yicha press-tur uyushtirdi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda 29-iyul kuni Yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga servis xizmat ko‘rsatish markazida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar “Jaloliddin Manguberdi” zamonaviy poyezdlarini reysga tayyorlash jarayonlari bilan tanishtirildi.
Koreya Respublikasining “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlari ilk bor 2026 yil may oyida “Toshkent – Xiva – Toshkent” yo‘nalishida qatnay boshladi va ilgari 14 soatni tashkil etgan yo‘l vaqti hozirda atigi 7 soat 30 daqiqani tashkil etmoqda. Shu kungacha 30 mingga yaqin yo‘lovchilar birinchi poyezdda tashildi. Kuni kecha esa “Jaloliddin Manguberdi” poyezdining ikkinchisi ham Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida harakatini boshladi.
O‘zbekistonning iqlim sharoitlariga moslashtirilgan, tezligi 250 km/soatgacha bo‘lgan ushbu turdagi jami 6 ta poyezd keltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 3 tasi olib kelingan va bosqichma-bosqich ekspluatatsiyaga topshirilmoqda. Yurtimizga keltirilgan uchinchi poyezd ham ayni paytda texnik sinov harakatidan o‘tkazilmoqda.
Poyezd Toshkentdan harakatlanib, Samarqand, Navoiy, Buxoro va Urganch vokzallarida to‘xtagan holda Xivagacha boradi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI