"Slavyan karvoni": Belarusdan birinchi to'g'ridan-to'g'ri blok poyezd Chukursoy stansiyasiga yetib keldi
2026- yil 5-avgust kuni “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialiga qarashli Chuqursoy stansiyasida, Belarus Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan “Slavyanskiy karavan” nomli marshrut yuk poyezdini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Temiryo‘linfratuzilma” AJ, “Toshkent MTU” filiali rahbariyati hamda Belarus Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganini, xususan, ushbu yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi hamda Belarus Respublikasi Prezidenti muhtaram Aleksandr Grigoryevich Lukashenko bilan o‘tkazilgan muzokaralarning amaliy natijalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladilar.
Ikki davlat rahbarlari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdilar. Bu vazifalarni zamonaviy va samarali transport-logistika infratuzilmasisiz amalga oshirish mumkin emas. Ushbu poyezdning qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, bu mamlakatlarimiz tomonidan ilgari surilgan qo‘shma tashabbuslar real transport-logistika loyihalariga muvaffaqiyatli aylanayotganining yaqqol isbotidir.
Joriy yilning 11–14 iyul kunlari Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv doirasida temir yo‘l orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa yuklarni tashish masalalari muhokama qilindi.
2026-yil 30-iyul kuni Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yo‘lga chiqqan, jami 51 ta vagondan iborat 3034 sonli ushbu poyezd, 3822 km masofani bosib o‘tib, Chuqursoy stansiyasiga yetib keldi.
Marosimda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bundan buyon ham Belarus temir yo‘li bilan hamkorlikni izchil rivojlantirish, xalqaro transport yo‘nalishlarini takomillashtirish, zamonaviy logistika yechimlarini joriy etish hamda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha faol ishlarni davom ettiradi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI