“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda tarif metodologiyasi muhokama qilindi
Bugun, 2026-yil 20-avgust kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida sohani isloh qilish doirasida yangi tarif metodologiyasini ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon banki ishtirokidagi xalqaro konsultantlar va tegishli vazirlik hamda idoralar mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-329-son qarori hamda 2024 yil 31 dekabrdagi “Temir yo‘l sohasida transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi F-70-son farmoyishiga muvofiq amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarining mantiqiy davomidir.
Muhokamalarda Jahon banki ko‘magida jalb etilgan mahalliy ekspertlar vakillari tomonidan tayyorlanayotgan yangi tarif metodikasining yakuniy takliflari ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar transport xizmatlari narxini shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy etish, infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Yangi metodikaning asosiy maqsadi temir yo‘l tizimini iqtisodiy jihatdan mustaqil va raqobatbardosh tizimga aylantirishdan iborat.
Kun tartibidagi barcha bandlar atroflicha tahlil qilinib, bildirilgan takliflar asosida hujjatni takomillashtirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlar belgilab olindi. Ekspertlar guruhi tarif metodologiyasini yakunlash va uni yaqin muddatlarda tasdiqlashga kiritish uchun ishni jadallashtirishga kelishib oldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI