“Temir yo‘l orqali ichki qatnovlarda yuk tashish buyurtmanomalarini rasmiylashtirish” davlat xizmati joriy etiladi
Hukumatning 2026-yil 5-avgustdagi 433-son qarori bilan temir yo‘l orqali ichki qatnovlarda yuk tashish buyurtmanomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab yuk tashish buyurtmanomalarini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP ‒ my.gov.uz) orqali rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.
Arizalar YIDXP orqali 24 soat davomida yuborilishi mumkin bo‘lib, dam olish va bayram kunlarida kelib tushgan arizalar keyingi ish kuni qabul qilingan hisoblanadi.
Xizmat uchun alohida davlat yig‘imi undirilmaydi, temir yo‘l transporti xizmatlari uchun to‘lovlar faqat amaldagi tariflar asosida amalga oshiriladi. Ariza topshirish chog‘ida so‘rovnomada yuk turi, vagon ma’lumotlari, jo‘natish hamda yetkazib berish stansiyalari, yuk hajmi va vagonlar soni aniq ko‘rsatilishi, shuningdek vagon operatori bilan tuzilgan amaldagi shartnomaning elektron nusxasi ilova qilinishi shart.
Kelib tushgan so‘rovnomalar vakolatli organ tomonidan 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Agar hujjatlarda biron-bir kamchilik aniqlansa, ularni to‘g‘rilash va bartaraf etish uchun ariza beruvchiga qo‘shimcha 5 ish kuni beriladi.
Ayrim holatlarda davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilishi mumkin. Bunga belgilangan yo‘nalishda yuk ortish taqiqlangani, vagon tegishliligining noto‘g‘ri ko‘rsatilgani, operator bilan shartnoma mavjud emasligi, yuk tashish uchun texnik imkoniyatlar yetishmasligi yoki temir yo‘l xizmatlaridan qarzdorlik borligi sabab bo‘lishi mumkin.
Ijobiy hal etilib rasmiylashtirilgan buyurtmanoma unda ko‘rsatilgan prognoz sanadan kelib chiqib, joriy kalendar oy yoki keyingi kalendar oy mobaynida amal qiladi. Agar belgilangan muddatda yuk tashish amalga oshirilmasa, buyurtmanoma o‘z kuchini yo‘qotadi va yangidan rasmiylashtiriladi.
Xizmat yakuni bo‘yicha tayyorlangan natija ariza beruvchining elektron pochtasiga yo‘llanadi va maxsus axborot tizimi orqali xabar qilinadi. YIDXP orqali qilingan murojaatlarga javoblar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron shaklda taqdim etiladi.
Shuningdek, xizmatni ko‘rsatish rad etilgan taqdirda yoki mas’ul xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlari kuzatilganda, qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqi saqlanib qoladi. Mazkur qaror rasman 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI