“Sobir Rahimov – O‘rtaovul” oralig‘ida yangi temiryo‘l o‘tkazgichi foydalanishga topshirildi

Bugun, 3 oktyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan poytaxt va Toshkent viloyati kesishmasidagi transport oqimini tartibga solish maqsadida bunyod etilgan zamonaviy temiryo‘l o‘tkazgichi tantanali ravishda ochildi. Ob’yekt “Sobir Rahimov – O‘rtaovul” bekatlari oralig‘ida joylashgan.

Mamlakatimizda transport-logistika tizimini yanada takomillashtirish, haydovchilar va piyodalar uchun xavfsiz hamda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan Toshkent shahri va viloyati kesishmasidagi transport oqimini tartibga solishga qaratilgan “Sobir Rahimov – O‘rtaovul” bekatlari oralig‘ida yangi zamonaviy temir yo‘l o‘tkazgich bunyod etilib, bugun uning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Z. Mirzayev, "O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisi Z. Narzullayev, trasport prokuraturasi prokurori I. Narimov, ommaviy axborot vositalari, mahalliy aholi va boshqalar ishtirok etdi.
 
“Sobir Rahimov – O‘rtaovul” bekatlari oralig‘idagi 3384 km PK-2 da mavjud temir yo‘l kesishmasi o‘rnida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgichni qurish jarayonida keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari bajarildi. Xususan, loyiha doirasida uzunligi 23,6 metr bo‘lgan 1 dona ikki yo‘llik yangi temir yo‘l ko‘prigi qurib bitkazilib, temir yo‘l izlari o‘z joyiga qaytarildi, 1200 metr uzunlikdagi aylanma temir yo‘l va avtomobil yo‘li barpo etildi. 

Shuningdek, to‘siq devor poydevori uchun 237 dona savay burg‘ulash ishlari amalga oshirilib, uning 11 ming metr kubdan ortiq qismiga to‘liq beton quyildi va 800 metr kontakt tarmog‘i to‘liq ko‘chirib o‘tkazildi. Qurilish jarayonida jami 60 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi, alikafon montaj ishlari yakunlanib, hududdagi yomg‘ir va qor suvlarini xavfsiz oqizib yuborish uchun 2 dona suv bochkasi o‘rnatildi hamda zamonaviy avtomobil va piyodalar yo‘laklari qurib bitkazildi. 

Mazkur zamonaviy yo‘l o‘tkazgichning ochilishi Zangiota tumani aholisi va tranzit harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun ulkan qulayliklar yaratib, hududdagi tirbandliklarni bartaraf etish, vaqtni tejash, avtomobil yo‘llaridagi kundalik yuklamani sezilarli darajada kamaytirish hamda xavfsiz va qulay harakatlanishni ta’minlashga xizmat qiladi. 

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI