Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

18:39:08 (GMT +5), shanba, 8 Мая 2021

Ayol temiryo‘lchi

Ayol borki, olam munavvar, ayol borki, hayot go‘zal va maftunkor. Aslida oilani ham, jamiyatni ham birlashtirib, unga fayzu baraka kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar, munis onalarimiz, opa-singillarimizdir.

Ayol zotini e’zozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat bo‘lib kelgan. Buning tasdig‘ini tariximizda, hayotimizda ko‘plab misollarda yaqqol ko‘rish, kuzatish mumkin. Ayniqsa, mustaqillik yillarida  yurtimiz xotin-qizlarining jamiyatimiz hayotida tutgan yuksak o‘rni va mavqeining yanada ortganligi, ularning barcha islohotlarda faol ishtirok etishlari bizni har lahzada quvontiradi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida ham bugungi kunda ko‘plab opa-singillarimiz turli lavozimlarda faoliyat olib bormoqda. Ko‘pchilik “temir yo‘llarda ayollar nimayam ish qilardi”, deb o‘ylashi mumkin. Temiryo‘lchi ayollar nafaqat boshqarmada, balki yo‘llarda ham ish olib bormoqda. Shu bilan birga ish faoliyati mobaynida yutuqlarga ham erishib kelmoqda.
Shunday jonkuyar, o‘z kasbining fidoyilaridan biri “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida Yuk va tijorat ishlari bo‘limida yuk tashishni rejalashtirish 1-toifali muhandisi lavozimida ishlayotgan Ozoda Ahmedovadir.

Ozoda 1992 yilning 20 martida Qo‘qon shahrida, temiryo‘lchilar oilasida tug‘ilgan. Ushbu kasbni tanlashida ham oiladagi muhit sabab bo‘lgan. 2008 yilda fizika va matematikaga ixtisoslashtirilgan o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlab, Toshkent Temir yo‘l muhandislari instituti tashishni tashkil etish fakultetining “Temir yo‘llardan foydalanish” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan.

Institutni imtiyozli diplom bilan tamomlab, mutaxassisligi bo‘yicha “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining Qo‘qon stansiyasida  ish faoliyatini boshladi.

Ikki nafar farzandning onasi bo‘lishiga qaramasdan, ham oilasini, ham ishini birdek uddalayotgan Ozodaxonni hamkasabalariga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi. Albatta, ayol kishiga qiyin, shunga qaramay mardonavor ish olib borayotgan qahramonimiz 2019 yilda o‘tkazilgan “Yuk va tijorat ishlari xo‘jaligi sohasida eng yaxshi yosh mutaxassis” tanlovida yakuniy Respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni egalladi. Hozirda Yuk va tijorat ishlari bo‘limida yuk tashishni rejalashtirish 1-toifali muhandisi bo‘lib ishlamoqda. 

Doimiy izlanishdan to‘xtamaydigan Ozoda Ahmedova bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalangan holda rus va ingliz tillarini o‘rganmoqda. Shuningdek, o‘z ustida ishlab, kasbiy bilimlarini oshirishga harakat qilyapti. O‘z kasbiga bo‘lakcha mehr qo‘ygan va ushbu sohada turli yangiliklarni tatbiq etishga urinayotgan yosh temiryo‘lchi tinimsiz mehnat qilayotganligidan kasbini qanchalik sevishini ko‘rishimiz mumkin.

– Ayol kishi har tomonlama, jamiyat hayotida ham, uyda ham, farzandlar tarbiyasida ham o‘rnak va faol bo‘lishi lozim deb hisoblayman, – deydi Ozodaxon. –Bolaligimizdan kitob o‘qishimizga alohida e’tibor berilgani uchun, kitob o‘qish va adabiyotga qiziqishim baland. O‘zbek va jaxon adabiyotini sevib mutolaa qilaman, jamiyatimiz hayotiga doir ilmiy-tahliliy maqolalarni kuzatib boraman. Temir yo‘lda ish faoliyatimdan tashqari, uyimizdagi  bog‘ va issiqxonada turli mevali daraxtlar va eksport uchun  limon parvarishlaymiz.

Sabru irodasi po‘latdan ham mustahkam, buyuk ishlarga qodir bo‘lgan ana shunday xotin-qizlarimiz “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalarida ko‘plab topiladi.  Ularning borligi, biz bilan hamqadam va hamnafas ekanligi, chin ma’noda, bizning faxrimiz va g‘ururimizdir.

Javodxon BURXONOV,
Axborot-tahliliy media markazi




  • nashr uchun ko‘rinish