Bu ulugʻ zamonlarda yashayotganimga shukrona keltiraman

Yillar suroni hali-hamon darxon Ergashevning xotirasidagi o‘sha mudhish ikkinchi jahon urushini har soniyada esga olishiga sabab bo‘ladi. negaki, bu tinchlik zamonlarga yetgunga qadar uning jismini parchalagan, bir emas, ikki o‘qdan qolgan chuqur iz hamda uning og‘rig‘i, gumbur-gumbur portlash sadolarining quloqlari ostida jaranglashidan mungligina xo‘rsinadi va ko‘zi yoshga to‘ladi. O‘ziga-o‘zi bir nimalar deya taskin berib, ma’yus atrofga boqadi va bu ulug‘ zamonlarda yashayotganiga shukrona keltiradi. ayniqsa, uning asrga tushib, ona vatanidan yiroqda dushman changalida ko‘rgan azob-uqubatlari yurt qadri hamda osoyishta zamonlarda umrguzaronlik qilishning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini har soniyada qadriga yetadi.

9 may – xotira va qadrlash kuni munosabati bilan toshkent viloyati nurafshon shahridagi "obod" mahallasida istiqomat qilayotgan bir kam yuz yoshni qarshilagan darxon Egashevning xonadoniga tashrif buyurganimizda, uy egalari bizni ochiq chehra va samimiylik bilan qarshi olishdi. Darxon ota bilan urush yillari haqida suhbatlashar ekanmiz, u o‘sha fojiali onlarni xuddi bugungidek xotirladi.

 

– Urushga 1943 yilda o‘zimning tashubbusim bilan bordim, ikki yil davomida yoshim yetmagani bois front ortida xizmat qildim, – deydi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, faxriy temiryo‘lchi Darxon Ergashev. – Avvalo, men yigitlik burchimni ado etish, ona Vatanimni, ota-onamni, ukam va singillarimni, qolaversa, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarni himoya qilish uchun urush idorasi (voyenkomat)ga bordim.

Lekin harbiy guvohnomamda qizil chiziq tortilganligi bois u yerdagi harbiylar “Sen front ortida xizmat qilishing kerak, senga borish mumkin emas, bor o‘zingga yuklatilgan vazifangni davom ettir, urush sen o‘ylaganchalik oson emas, bir daydi o‘qning zarbidan joningni qurbon qilasan, qo‘yasan” deganida, “Yo‘q, men ham ona Vatan himoyasi yo‘lida yigitlik burchimni ado etishim kerak, men qo‘rqoq emasman, urush maydonlarida mendek o‘zbek hamda barcha millat o‘g‘lonlari, ota va bobolarim jon olib, jon bermoqda. Men ham ulardek yurt ozodligi yo‘lida, jonimni qurbon qilsam, hech bo‘lmasa, bitta bo‘lsa ham dushmanni yer tishlatsam, bir umr armonda o‘tmayman, deya turib oldim. Oxiri meni harbiy jamoa bilan kelishgan holda urushga jo‘natadigan bo‘lishdi”.

Shundan so‘ng navqiron yigit – Darxon Buxoro viloyatining Karmana shahriga yuborildi, u yerdan “Gomel” nomli piyodalar maktabiga ko‘chirildi va uni qisqa muddat ichida harbiy tayyorgarlikka o‘rgatildi.

Kundan kunga avj olib borayotgan urushga nihoyat Darxon ota ham yuborildi. U yerda qirg‘inbarot janglarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Uning barcha qilgan xizmatlari hamda mard va jasurligi e’tiborga olinib, leytenant unvoni berildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yana Tatishchevskiy garnizoniga, so‘ng esa Elne shahridagi 346-sonli harbiy bo‘linmasiga yuborilib, katta leytenant unvoni bilan taqdirlashdi va shundan so‘ng u jang o‘chog‘i bo‘lgan Riga shahriga jo‘natildi.

“Riga shahriga kechasi yetib bordim va leytenant Abduvaliyevning yonida xandaqda yotganimda to‘satdan otishma va portlashlar boshlanib ketdi. Shu payt men qora terga botdim. Jon talvasasida o‘zimni himoya qilish maqsadida yerga yotib oldim va qo‘limdagi qurol bilan taxminan ota boshladim. Butun vujudim holsizlanar, ko‘z oldim qorong‘ilashib, hushimni yo‘qota boshladim. Shundagina mening tanamdan ter emas, qon oqayotganini va usti-boshim jiqqa qonga botganini bildim. Bu paytda men umuman og‘riq sezmadim. Ushbu voqealardan keyin yaradorlarni harbiy kasalxonaga yuborish uchun tunni kutish kerak edi. O‘sha yerning o‘zida men va men kabi yaradorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. To‘rt kun o‘tgandan keyin orqa tarafdagi jarohatni tekshiruvdan o‘tkazishdi va u yerdagi o‘q parchasini jarrohlik yo‘li bilan olib tashladi. O‘shanda meni Allohning o‘zi asradi. Tezda tuzala boshladim. Kunlarning birida harbiy jarroh menga shunday dedi: tur o‘rningdan askar, endi yotaverasanmi? Urush bu o‘g‘il bolaning ishi. Agar sen dushmanni o‘ldirmasang, u seni o‘ldiradi. Bu gaplar mening qalbimga, yana bir bor metin o‘qdek qadaldi va dushmanni yer tishlatib yakson qilish uchun o‘zimda kuch topa oldim hamda jang maydoniga qaytdim. U yerda o‘qlarning turnaqator bo‘lib yog‘ilishidan, bombalarning portlashidan, tanklardan otilayotgan snaryadlardan bir soniya bo‘lsa-da, bosh ko‘tarolmaysan kishi. 1944 yilda bosh qismimdan jiddiy jarohat oldim va ongimni yo‘qotib, Riga yaqinida asirga olindim. O‘sha o‘tgan mudhish kunlarni eslasam butun vujudimni titroq bosadi. Butun xotiram ko‘z oldimda gavdalanadi, bo‘g‘zimga nimadir tiqilib qalbim larzaga keladi.

Shunday qutlug‘ zamonda yashayotganimizga behisob shukronalar qilaman. Bu kunlarni biz ko‘rdik, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod ko‘rmasin. Doimo tinchlik bo‘lsin, urush bo‘lmasin!”

Nihoyat 1945 yilning may oyida urush yakun topib, g‘alaba qozonildi, asrga tushganlar ozod etildi. Barcha omon qolgan askarlar o‘z yurtiga qaytarib yuborildi. Ammo Darxon otaga o‘z yurtiga ketishiga ruxsat berilmadi. Negaki, uning ziyrakligi, qo‘rqmas va jasurligi, har bir ishga aql va mas’uliyat bilan yondashishi barchaga kundek ravshan edi.

Shunday kunlarning birida unga Polshadagi minalashtirilgan zonalarni zararsizlantirish topshirig‘i berildi. Lekin Darxon ota bu minalar eski ekanligi, uni qo‘zg‘atsa portlab ketishini ma’lum qildi. Bu jarayonda faqatgina to‘siq va ogohlantirish belgisi qo‘yish kerakligini aytadi. Toki bu taklifi o‘z tasdig‘ini topgunga qadar, atrofdagilarning ogohlantirishiga qaramay, o‘zbekistonlik Po‘latov degan askar "bu ishni men eplayman" deb minani qo‘zg‘atganida o‘sha zahoti portlab ketganini xotirlaydi. Shu alfozda ikki yil davomida harbiy xizmatini davom ettirdi.

So‘ng O‘zbekistonga qaytib, Toshkent temir yo‘l masofasi korxonasida oddiy ishchi bo‘lib ishga joylashdi. Og‘ir mehnatdan qochmadi, barcha yumushlarni mas’uliyat bilan bajardi. Mazkur korxonada ham uzoq yillar davomida samarali mehnat qildi. Nafaqa yoshiga yetsa hamki, yuksak idroki va tajribasi bois 78 yoshigacha mazkur korxonada ishladi. Yosh temiryo‘lchilarni hamda ko‘plab shogirdlarni sohaga tayyorlashda munosib hissa qo‘shdi.

Urush batamom tugab, ikki yildan so‘ng o‘z ona yurtiga qaytdi va qrimlik Nuriya Murodasilova bilan tanishadi va u bilan turmush quradi. Nuriya aya ham juda hunarmand, qo‘li gul ayol edi. U kiyim tikib, kundalik xarajatlarga o‘zining hissasini qo‘shar va yo‘qdan bor qilishga intilardi. Darxon ota va Nuriya aya olti nafar qiz va ikki nafar o‘g‘il farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Barchasini xat-savodli qilib o‘qitdi. Nuriya aya farzandlar rohatini ko‘rib, qarilik gashtini surdi va 82 yoshida olamdan o‘tdi. Kenja qizi Muhabbat opa otasiga juda mehribon. Uning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib, o‘z uyida parvarishlamoqda. Bugungi kunda Darxon ota 13 nafar nevara hamda 14 nafar chevaraning suyukli bobosi. Nevara va chevaralarni atrofiga yig‘ib, tinchlikning oliy ne’mat ekanligi, uning qadriga yetish lozimligini uqtiradi.

Darxon otaga umringiz uzoq bo‘lsin, farzandlaringiz, nevara va chevaralaringiz rohatini ko‘ring deb xayrlashdik.