Libosidek oq – ko‘ngli ham pok shifokor ayol
Ayol – shifokor, ayol – ustoz, ayol – tadbirkor, ayol – hunarmand. Har bir jabhada va muqaddas oila qo‘rg‘onida ham o‘zining munosib o‘rniga ega ayollar haqida gap ketganda oddiygina bir haqiqatni aytib o‘tish joiz.
Har qanday inson farzandini ona dunyoga keltiradi. Uni go‘daklik onlaridayoq ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylaydi, parvarishlaydi, komil inson etib voyaga yetkazadi. Qadim-qadimdan jamiyatga daho farzand tarbiyalagan onani qahramon yoki eng ulug‘, buyuk zot deb ta’riflanishi bejiz emas, albatta.
Bugungi qahramonimiz Umidaxon Abdujabborovani ham ana shunday mushtipar, o‘z kasbiga sadoqatli ona dunyoga keltirib, jamiyatimizga kerakli bo‘lgan soha vakili, ya’ni yetuk shifokor etib tarbiyaladi.
Umidaxon Shuhratovna 1975 yil 1 iyunda ziyoli oilada tavallud topdi. U 1992 yilda Chilonzor tumanidagi 13-sonli maktabni “Oltin medal” bilan tamomladi va shu yili Toshkent davlat tibbiyot institutiga imtihonlarni “a’lo” bahoga topshirib, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. O‘qib yurgan kezlarida ham tirishqoqligi, izlanuvchanligi bilan tengqurlari orasida ajralib turardi. Uning tanlagan kasbi o‘ta nozik bo‘lishi barobarida shu qadar mas’uliyat talab etishini ota-onasi bot-bot uqtirardi. Umidani o‘qib-izlanishga va o‘zlaridek yetuk shifokor bo‘lishga chorlardi. Chunki, shifokor har bir insonni betoblikdan to sog‘ayib ketish davrida nafaqat yo‘l-yo‘riqchi, balki shirin so‘zi ila bemorni davolashi hamda unga mehribon jigargo‘sha, eng yaqin insoni sifatida bo‘lishligini tushintirishardi.
Umidaxon Abdujabborova institutni hamda bir yillik internaturani tamomlab, Respublika Pediatriya ilmiy-tekshirish instituti klinikasining Onalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish va davolash bo‘limida bir necha yil mobaynida samarali xizmat qildi. Bu davrda ham u o‘qib-izlanishdan to‘xtamadi. Oliy toifali shifokor darajasigacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi.
Shundan so‘ng oldiga qo‘ygan eng oliy maqsadi yo‘lida tinimsiz izlanishda davom etdi. U 2004 yildan hozirgi davrgacha Markaziy temir yo‘l poliklinikasida Muhofazalash bo‘limida bo‘lim mudirasi lavozimida mehnat qilib kelmoqda.
Shu o‘tgan uzoq yillik faoliyati davomida temir yo‘l sohasiga ishga joylashayotgan ishchilar va mehnat qilib kelayotgan temiryo‘lchilar sog‘lig‘ini tarmoqda qabul qilingan buyruqlar asosida nazorat qilishni sidqidildan ado etishi barobarida ular salomatligiga zarar yetkazmaslik va baxtsiz hodisalarni oldini olishda ham o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, yurtimizda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davrida ham u boshqa shifokorlar qatorida bemorlarni davolashda o‘z yordamini, mehnatini, kuch-quvvatini ayamadi. Poliklinikaga murojaat etgan barcha temiryo‘lchilarga, yon-atrofidagi qo‘ni-qo‘shnilarga, qarindoshlarga ham o‘z kasbiga sadoqatlik ila shifokorlik yordamini ko‘rsatdi. Ularning holidan muntazam xabar olib turdi.
– Maktabni katta opam, men va ukam “oltin”, ikkinchi opam “kumush” medal va singlim 9 sinfni “a’lo” baholarga tugatdik hamda ota-onamning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga harakat qilgan holda ularga munosib farzand bo‘lishga intildik, – deydi Umidaxon Shuhratovna. – Ota-onam shifokor bo‘lganligi bois ularning bemorlarga, qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilarga, qarindoshlarga hech qachon “yo‘q” demay, kechayu kunduz o‘z burchini ado etganini ko‘rib, biz, farzandlar ham, hech ikkilanmasdan shifokorlik kasbini tanladik. Otam Shuhrat Tursunov oliy toifali shifokor – pediatr. Uzoq yillar bolalar poliklinikasida, Respublika Pediatriya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida bosh shifokor lavozimida ishladi. “Do‘stlik” ordeni sovrindori, “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” unvoni sohibi, tibbiyot fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim sifatida el-yurt xizmatida bo‘ldi. Onam Shoira Hoshimova ham oliy toifali shifokor – pediatr. Uzoq yillar 15-sonli bolalar shifoxonasida hamda Birinchi Respublika klinik shifoxonasining bolalar bo‘limida bo‘lim mudirasi, 1999 yildan 2004 yilgacha Chilonzor tibbiyot kollejida o‘quvchilarga Bolalar kasalligi va akusherlik fanidan saboq berdi.
Qarangki, bu sulola vakillarining barchasi shifokorlik kasbida elimiz xizmatidadir. Umidaxonning katta opasi Faridaxon Zaynutdinova ham shifokorlik kasbini tanlagan. U ham ayni damda oliy toifali shifokor – funksiyali diagnostika – EKG mutaxassisi. Ikkinchi opasi esa Shohistaxon Akbarova stomatolog. Ukasi Boisxon Tursunov ham oliy toifali shifokor – urolog. Singlisi Xurshidaxon Abidova II toifali shifokor – nevrolog lavozimida xalqimizga beminnat xizmat qilib kelishmoqda.
Oilada ham baxt topgan Umidaxon Abdujabborovaning turmush o‘rtog‘i Nuriddin Abdujabborov Toshkent davlat transport universiteti Aviasiya transporti muhandisligi fakulteti dekani bo‘lib ishlamoqda. Nuriddin aka ham o‘z sohasida yetuk mutaxassislardan. Shu kungacha texnika fanlari nomzodi, dosent darajasiga yetdi. Nuriddin aka va Umida opa 3 nafar farzandni el koriga yaraydigan inson etib tarbiyalamoqda. Ularning barchasi ziyoli bo‘libgina qolmay, ota-onasi kabi izlanuvchan, tirishqoq yoshlardan. Bosh farzandi Munisaxon Nurmuhammedova O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xorijiy filologiya fakultetini davlat granti asosida tamomladi. Ingliz va yapon tillarini chuqur o‘zlashtirdi. Ikkinchi qizi Mahfuzaxon esa Toshkent Davlat sharqshunoslik universitetining Koreyashunoslik fakultetining “koreys-ingliz” yo‘nalishining ikkinchi bosqichida tahsil olmoqda. Kenja o‘g‘li Umarxon Saidanvarxo‘jayev Toshkent shahridagi 86-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi. U ham maktabni a’lo baholarga tamomlab, kelajakda yetuk tilshunos bo‘lish niyatida.
Umidaxon Abdujabborovaning keyingi ishlarida omad va zafarlar tilab qolamiz!
Feruza Xudoyqulova,
Axborot-tahliliy media markazi