TRANZIT HAJMINI OSHIRISH BO‘YICHA BARQAROR TIZIMNI YARATISH — BUGUNGI KUNNING ASOSIY VAZIFASIDIR

“TRANZIT HAJMINI OSHIRISH BO‘YICHA BARQAROR TIZIMNI YARATISH — BUGUNGI KUNNING ASOSIY VAZIFASIDIR”
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining turli bo‘limlarida 32 yildan buyon yuqori lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan temiryo‘lchilar oilasining vakili, kamtarin, samimiy, hayotiy va kasbiy tajribalarini shogirdlari hamda hamkasblaridan ayamaydigan, doimo hurmat va izzatda bo‘lgan sohaning haqiqiy fidoiylaridan, “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi sohibi Shahobiddin Mirzaahmedov.
Sh. Mirzaaxmedov 1969 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozirgi kunda u “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Xalqaro raqamli transport koridorlar rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha Loyiha ofisi rahbarning birinchi o‘rinbosari.
– Shahobiddin aka avvalo, temir yo‘lga kirib kelishingiz haqida so‘zlab bersangiz...
– Bolaligimda Toshkent shahridagi 37-sonli maktabda tahsil olganman. O‘sha vaqtda ushbu maktab temiryo‘lchilar maktabi sanalgan. dadajonim meni tez-tez ishxonalariga, temir yo‘lga olib borar edilar. O‘sha vaqtda menda temir yo‘lga qiziqish paydo bo‘ldi. So‘ngra 1985 yil 9-sinfda o‘qib yurgan kezlarim yozgi ta’til vaqtida vagon deposida shartnoma asosida yo‘lovchi vagonlarni ta’mirlaydigan duradgor ,ishchi sifatida ishlaganman. Bu mening birinchi mehnat tajribam bo‘lgan va buning uchun maosh ham olganman. Shu vaqtda menga ilk bor “Vijdonli mehnati uchun” nomi bilan haqqoniy temiryo‘lchi sifatida Faxriy yorlig‘i taqdim etilgan. Maktabni tugatgach, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga o‘qishga kirib, temir yo‘l transportida yuk tashish jarayonini tashkil etish va boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olganman. Keyinchalik, 2001 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida bozor iqtisodiyoti asoslari va tamoyillari yo‘nalishida magistraturani tamomladim. So‘ngra 1993 yilda mehnat faoliyatimni O‘rta Osiyo temir yo‘lining Shumilov stansiyasida poyezdlar tuzuvchi sifatida boshladim. Keyin saralash tepaligi navbatchisi, stansiya navbatchisi kabi lavozimlarda ishladim.
– Aslida sizni ko‘pchilik temiryo‘lchilar oilasidan ekanligingizni yaxshi bilishadi...
– Ha shunday, rahmatli dadajonim Mirzaahmedov Xojahmat Sayidahmedovichni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ular o‘z faoliyatlarini yo‘l ustasidan boshlab, keyinchalik O‘rta Osiyo temir yo‘li boshlig‘ining o‘rinbosari hamda yo‘l xo‘jaligi rahbari lavozimida ishlaganlar. Onajonim Ozoda Sobirovna ham sohada yo‘l xizmatining yetakchi mutaxassisi bo‘lib faoliyat yuritganlar. Ota-onam bir-birlarini doimo qo‘llab-quvvatlab, kasblarini jon-dildan sevganlar. Oilada besh nafar farzand bo‘lganmiz, barchamiz temir yo‘l sohasini tanlaganmiz. Hozir jiyanlarimdan ko‘pchiligi ham ushbu sohada faoliyat ko‘rsatmoqda. Farzandlarim boshqa yo‘nalishda ishlamoqdalar, ammo qaysi sohani tanlashmasin, men ularning tanlovini har doim qo‘llab-quvvatlayman.
– Faoliyatingiz davomida yo‘nalishingiz bo‘yicha bugunga kelib tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘lgan?
– Temir yo‘l sohasi bilan 1980 yillar oxirida tanishganman. O‘sha vaqtlarda O‘rta Osiyo temir yo‘li faoliyat yuritgan va asosiy e’tibor ekspluatatsiya ishlariga qaratilgan edi. Hozir esa sohada tub o‘zgarishlar amalga oshdi — bozor iqtisodiyoti talablariga moslashish, raqobat muhitida samarali ishlash, mijozlarga qulay sharoit yaratish asosiy vazifaga aylandi. Raqamlashtirish sohasida ham ma’lum vaqt faoliyat yuritganman. Yo‘lovchilar uchun onlayn chipta sotib olish tizimi, “ye-xodim” platformasi, yagona darcha va GPS monitoring loyihalarini joriy etishda ishtirok etganman. Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-saytini yaratish va uni tizim korxonalarida keng joriy etishga o‘z hissamni qo‘shganman.
– Hozirda siz faoliyat olib borayotgan Loyiha ofisi haqida ham so‘zlab bersangiz?
– Loyiha ofisining asosiy vazifasi — “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘l liniyalarini qurish loyihalarini muvofiqlashtirishdan iborat. Bundan tashqari, vazifalarimizda strategik ahamiyatga ega raqamli transport koridorlarini rivojlantirish belgilangan, xususan: “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari”; “Xitoy – Qozog‘iston – Qirg‘iziston – Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston – Hind okeani portlari” kabi multimodal yo‘nalishlarni shakllantirish ustida ham ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishlar faqat transport sohasi uchun emas, balki butun mintaqaning iqtisodiy integratsiyasi va barqaror rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega.
– Ayni damda Loyiha ofisida qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?
2024 yil iyun oyida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilish loyihasi bo‘yicha kelishuvga imzo chekilgan edi. Hozirda ushbu yo‘nalishda Umidullo Ibragimov rahbarligida faol ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir” yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha ishlar boshlangan bo‘lib, hozirda texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqish jarayoni davom etmoqda. TIA yakunlanganidan so‘ng investorlarni jalb etish va sarmoyalarni yo‘naltirish ishlari boshlanadi. Bundan tashqari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan hamkorlik da “SHHT mamlakatlari temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha Kengash” ni tuzish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Kengash direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish rejalashtirilgan. Kengash direksiyasi huzurida BMT shafeligida ostida Xalqaro raqamli transport xizmat ko‘rsatish markazini ochish nazarda tutilgan. Ayni vaqtda ishchi guruh tomonidan markaz konsepsiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda SHHT temir yo‘l ma’muriyatlari rahbariyati tomonidan uni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Kelgusida yagona transport tashuv hujjatlarini ishlab chiqish va joriy etish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.
– Shogirdlaringiz va yosh mutaxassislar uchun qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?
– Vaqt jadal sur’atlarda olg‘a ketmoqda, zamon o‘zgarmoqda. Har bir inson, ayniqsa yosh mutaxassis, doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, bilim va malakasini oshirib borishi zarur. Shaxsan men ham yosh avloddan ko‘p narsalarni o‘rganaman — ularning yangicha fikrlashi, innovatsion yondashuvi bizga ilhom beradi. Temir yo‘l sohasini rivojlantirishni hech qachon to‘xtatmaslik kerak. Hozirgi kunda Prezidentimiz qarorlari asosida tarmoqda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda — bu yangicha tizim va yangicha qarashlarni talab etadi. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlar bilan samarali hamkorlikni mustahkamlash, eksport-import va tranzit hajmlarini oshirish bo‘yicha barqaror tizimni yaratish — bugungi kunning asosiy vazifalaridan biridir.Temiryo‘lchilar doimo harakatda bo‘lishi, vagon g‘ildiragi kabi to‘xtovsiz ishlashi lozim.

N.NURMATOVA suhbatlashdi