QALBI BAHOR, MEHNATI SHARAFLI AYOLLAR!
QALBI BAHOR, MEHNATI SHARAFLI AYOLLAR!
Bugungi kunda temir yo‘l sohasida mehnat qilib, tizimdagi yangilanishlarga munosib hissa qo‘shayotgan tashabbuskor, ijodkor va ishbilarmon xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Yuqori salohiyati va mehnatsevarligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan bu ayollar o‘z kasbidan faxrlanadilar.
TASHABBUSKOR AYOL
Faoliyatini tikuvchilikdan boshlab, turli sohalarda tajriba orttirgan Feruza Yuldasheva hozirda “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining vagon kuzovini bo‘yash bo‘limida 4-darajali bo‘yoqchi bo‘lib ishlaydi.
U vagonlarning ichki va tashqi qismlarini maxsus texnologiya asosida bo‘yashga masʼul. Feruza vagon kuzovi va detallarini eski bo‘yoq hamda zanglardan tozalaydi, yog‘sizlantiradi va purkagich yordamida bir necha qavat bo‘yoq surtadi. Vagon qurigach, unga tegishli raqam va belgilarni tushiradi. Shu bilan birga, u kasaba uyushmasi faoli sifatida ijtimoiy tadbirlarda ham juda faol.
ZAVOD FAXRIY ISHCHISI
Zuhro Ergashova “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” aksiyadorlik jamiyatida 6-darajali defektoskopchi lavozimida faoliyat yuritadi. U vagon va teplovozlarning g‘ildirak juftliklari, podshipnik halqalari va boshqa muhim detallardagi yashirin nuqsonlarni ultratovush hamda magnit kukuni usullari bilan aniqlaydi.
Zuhro opa o‘ta murakkab defektoskoplarni sozlash va diagrammalar bo‘yicha asboblarning sezuvchanligini belgilash borasida yuqori malakaga ega. Bugungi kunda u 25 nafardan ortiq yosh mutaxassisga ustozlik qilmoqda. 2016 yilda “Zavod faxriy ishchisi” unvoni va ko‘plab faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.
O‘Z KASBINING USTASI
Nigora Botirova “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlariga xizmat ko‘rsatuvchi depo qurilishida alohida jonbozlik ko‘rsatgan. Hozirda u “Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida emal bo‘yoqlari va nitroloklar bilan ishlovchi bo‘yoqchi sifatida mehnat qilmoqda.
U xlorovinil va epoksid kabi havo taʼsiriga chidamli bo‘yoqlar bilan ishlashda katta tajribaga ega. Nigora ish jarayonida har bir agregatning tuzilishiga qarab eng mos bo‘yoq turini tanlaydi va sifatni birinchi o‘ringa qo‘yadi.
MAHORATLI KRAN MASHINISTI
Hatto baʼzi erkaklar ham jurʼat qilishi qiyin bo‘lgan ulkan kranni Nargiza O‘rinsafarova mahorat bilan boshqaradi. U “Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida 5-darajali ko‘priksimon kran mashinisti bo‘lib ishlaydi.
Nargiza og‘ir metall detallar va tayyor konstruksiyalarni yuqori aniqlik bilan ko‘tarib, kerakli joyga xavfsiz yetkazadi. Yuklarni yuk iluvchi moslamalar yordamida to‘g‘ri ildirilishini va xavfsiz tushirilishini qatʼiy nazorat qiladi. Uning bu fidokorona mehnati jamoada yuksak eʼtirof etiladi.
KASBIDAN MINNATDOR TEMIRYO‘LCHI
Shoyista Xolova ‒ o‘z umrini temir yo‘lga bag‘ishlagan va tanlagan kasbidan mamnun ayollardan. U “Qorovulbozor” temir yo‘l bekati filialining vagonlarni bug‘lab yuvish shoxobchasida navbatchi bo‘lib ishlaydi.
Uning vazifasi ‒ vagonlarni yuvish shoxobchasiga harakat tarkibini o‘z vaqtida va xavfsiz qabul qilish, poyezdlarni shakllantirish hamda manyovr ishlarini muvofiqlashtirishdan iborat. Shoyista opa vagonlarni tormoz boshmoqlari bilan mahkamlanishini tekshirib, harakat xavfsizligini taʼminlashga masʼuliyat bilan yondashadi.
30 MINGDAN ORTIQ QURILMALARNI TAʼMIRLAGAN ELEKTROMEXANIK
Juldiz Ametovaning temir yo‘l sohasidagi sharafli mehnatiga bu yil 35 yil to‘ldi. U Qo‘ng‘irot signallashtirish va aloqa masofasi filialining nazorat o‘lchov punktida SMB (signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka) qurilmalari elektromexanigi bo‘lib ishlaydi.
Juldiz opa temir yo‘l nazorat-o‘lchov asboblarini taʼmirlash va sozlashga masʼul. O‘z faoliyati davomida u 30 mingdan ortiq qurilmani texnik ko‘rikdan o‘tkazib, taʼmirlagan va soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
35 YILLIK MEHNAT TAJRIBASI
Gulnora Nosirova temir yo‘l sohasidagi faoliyatini 1991 yilda Qarshi aloqa va ishorat masofasida boshlagan. Hozirgi kunda u “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialida materiallar bo‘yicha hisobchi lavozimida mehnat qilmoqda.
Gulnora korxonaning mol-mulk va xo‘jalik operatsiyalarini yuritish, shuningdek, bo‘linmalarning moliyaviy faoliyatini hujjatli taftish qilish bilan shug‘ullanadi. U kirim qilinayotgan tovar-moddiy boyliklarning hisobda to‘g‘ri aks ettirilishini va ularning harakati buxgalteriya qoidalariga mos ravishda o‘z vaqtida qayd etilishini taʼminlaydi. Shuningdek, korxona xodimlarining buxgalteriya hisobi va hisoboti masalalari bo‘yicha faoliyatini qatʼiy nazorat qilib keladi.
HUJJATLASHTIRISH ISHIDA HATOGA YO‘L QO‘YIB BO‘LMAYDI
Dilafruz Abduraimova ‒ “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filialiga qarashli “Qumqo‘rg‘on” stansiyasining eng masʼuliyatli xodimlaridan biri. U hujjatlarga ishlov berish operatori sifatida poyezd mashinistlaridan tashish hujjatlarini qabul qilib oladi.
Hujjatlar solingan inkassator sumkalarini qabul qilishda ularning butligi va tamg‘asining (pechat) mos kelishiga alohida eʼtibor qaratadi. Dilafruz stansiyadagi barcha texnologik jarayonlarni: poyezdlarning kelishi va jo‘nashi, vagonlarga yuk ortish va tushirish maʼlumotlarini aniq va xatosiz hujjatlashtirib boradi.
IZLANUVCHAN TEMIRYO‘LCHI
Xushmuomalaligi, izlanuvchanligi va tirishqoqligi bilan jamoada alohida hurmat qozongan Dilfuza Nosirova Qo‘qon aloqa va signallashtirish masofasi filialida (2-SMB tarmog‘i) elektr montyori lavozimida faoliyat yuritadi.
U stansiya hududidagi SMB qurilmalarining uzluksiz va soz ishlashiga bevosita javobgar. Qurilmalarning mustahkamligi, belgilangan texnik masofalarning saqlanishi, tashqi himoya va tozalik ishlari uning doimiy diqqat markazida turadi.
MASʼULIYATLI LAVOZIMNING MALAKALI OPERATORI
Nasiba Mingilbayeva “Toshkent” stansiyasida yuk kassiri bo‘lib ishlamoqda. U stansiyaga kelgan va jo‘natilayotgan vagonlarning yuk hujjatlarini rasmiylashtirish, ularning hisobini yuritish va ko‘rsatilgan temir yo‘l xizmatlari uchun mijozlar bilan hisob-kitob qilish ishlarini bajaradi.
Shuningdek, u Toshkent texnologik markazi orqali to‘lovlarni qabul qilish, yuk egalari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning to‘g‘riligini tekshirish va ularni qayta ishlash jarayonlariga masʼuldir.