YOʻL BOLALAR KASALXONASI YANA BITTA ZAMONAVIY TIBBIY JIHOZGA KOʻPAYDI
“Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” mas'uliyati cheklangan jamiyati Yoʻl bolalar kasalxonasining quloq, tomoq, burun (LOR) boʻlimi xorijdan keltirilgan zamonaviy, soʻnggi rusumdagi tibbiy jihoz bilan ta'minlandi.
Tajribali shifokor, 29 yildan buyon ushbu kasalxonaning Lor boʻlimida faoliyat koʻrsatib, oʻtgan vaqt davomida juda koʻp boʻlajak temiryoʻlchilar va ayni vaqtda ularning farzandlariga ham xizmat koʻrsatib kelayotgan oliy toifali otolaringolog shifokori Alisher Ravshanov bilan mazmunli suhbatimiz boʻlimga oʻrnatilgan zamonaviy tibbiy jihozning afzalliklari hamda bemorlarda koʻp uchrab turayotgan ayrim kasalliklar sabablari haqida boʻldi.
– Alisher aka, kasalxonada soʻnggi yillarda bemorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirib bersangiz?
– Men ushbu kasalxonada 1998 yildan beri faoliyat olib borayotgan boʻlsam, hozirgi holat va sharoit bilan u davrdagi holatni yer bilan osmoncha farqi bor, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, ayni vaqtda binolarning tashqi va ichki qismlarini ta'mirlash boʻyicha juda katta ishlar olib borilyapti. Shular qatorida birinchilardan boʻlib rahbariyat tomonidan mening jajji bemorlarimga qulaylik yaratish maqsadida kirish qismiga yaqinroq boʻlgan binoni ta'mirlab berishdi. Chunki oʻzingizga ma'lumki, bolajonlarning aksariyat kasalliklari quloq, burun, tomoq bilan bogʻliq. Shuningdek, boʻlimga yangi oʻrnatilgan zamonaviy tibbiy jihoz haqida ham alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Mazkur tibbiy uskunani uzoq yil kutgan edik. Chunki 2004 yili aynan shu endoskop bilan ishlash boʻyicha Olmaota shahrida oʻqib, sertifikat olganman. Shundan keyin bir necha marotaba kasalxona uchun sotib olish zarurligini aytgan edim. Ammo bu taklifimning qanoatlantirilishi bugungi kunga toʻgʻri keldi. Kasalxonamizda biz va bemorlar uchun yaratib berilayotgan bu kabi sharoitlar uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullaev hamda “Temir yoʻl ijtimoiy xizmatlar” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbariyatiga katta minnatdorchilik bildiramiz. Yangi ta'mirlangan va zamonaviy jihozlar bilan toʻldirilgan boʻlimda nafaqat bolajonlarga, balki kattalarga ham, xususan, shu atrofdagi aholiga, xalqqa 24 soat xizmat koʻrsatmoqdamiz.
– Ushbu uskunaning afzalliklari nimalardan iborat?
– Avvalo, u hozirgi kundagi eng zamonaviy lor kasalliklarini aniqlash va davolash uskunasidir. U bir vaqtning oʻzida aniq tashxis qoʻyish va muolajalar qilishda juda qulay, oson va yengil. Ayniqsa, bemor koʻrik davomida ekran orqali lor organlaridagi holatni oʻz koʻzi bilan koʻrib turadi. Quloq, tomoq, burun yuvishda uskunaning oʻzi kerakli dorilarni qizdirib beradi va uning bir qismi boʻlgan bemor oʻtiradigan kursi ham tugmachalar yordamida kerak boʻlgan har xil holatga keltiriladi.
– Alisher aka, kimdir surunkali tonzillitda bodomsimon bezlarni oldirgan ma'qul, boshqa birov esa bu bezga umuman tegish mumkin emas, deydi. Mutaxassis sifatida bunga sizning fikringiz qanday?
– Oldinlari kimda surunkali tonzillit tashxisi qoʻyilsa, bodomsimon bezlar olib tashlangan. Biroq hozirgi tibbiyot boʻyicha bodomsimon bezlarni imkon qadar saqlab qolish kerak, chunki uni oʻziga yarasha yaxshi tomonlari juda koʻp. Birinchidan, filtr vazifasini bajaradi, mikroblarni ushlab qoladi, havoni isitib, namlab beradi, immunitetni ham saqlab turishda rol oʻynaydi. Shuning uchun hozirgi kunda butun dunyo tajribasi boʻyicha mazkur bezni birdaniga olib tashlash kerak, degan narsa yoʻq. Anginani oldini olib, vaqtida davolab, fizioterapiya muolajalarini qilib, muzdek yeguliklar, sovuq havodan ehtiyot qilib yurilsa, 70 foizga yaxshi boʻlib ketadi. Boʻlmasa, asorati boshqa organlarga bera boshlaydi. Ya'ni buyrakda, yurakda oʻzgarish boʻladi, oyoqda shishlar, ogʻriqlar kuzatiladi. Shunday holatlarda tahlillar olinib, birinchi muolajalar qilib koʻriladi. Agar shundan soʻng ham yaxshi natijalarga erishilmasa, asoratlar bersa oxirgi chora – tonzillektomiyadir. Bugungi kunda iloji boricha tuzatishga harakat qilinadi, bakteriologik surtmalar olinib, sanasiya qilinadi, burundagi adenoidlar tekshiriladi, tomoq yuvdiriladi, in'eksiya, lazer, fizioterapiyalar qilinib, immunitet koʻtariladi. Shunda bemorlarning 70-80 foizi yaxshi boʻlib ketadi.
– Soʻnggi yillarda bemorlarda burunni yuvdirish holatlari ham koʻpayib bormoqda. Aslida burun qaysi holatlarda yuvilishi kerak?
– Bu muhokamali savol. Burun oqishida oddiy tumov, gripp, rinit rinofaringitda burun hech qachon yuvilmaydi. Burun chigʻanoqlari va oʻrta burun yoʻli hamda goymar peshona boʻshligʻida kanallar keladi, ularni endoskopda koʻrganda kanaldan yiring chiqib turadi, shundan soʻng rentgen qilingach, yuvish kerak boʻladi.
Ushbu suhbatimiz jarayonida Alisher aka qabuliga 2 nafar jajjigina opa-singil bemorlar tashrif buyurdi. Keyin bilsam, ularni olib kelgan otasi temiryoʻlchi boʻlib, bolalik paytlaridanoq Alisher akaga davo istab tez-tez kelib turgan ekan. Bolajonlar ham oʻz uyidek kirib kelishar ekan. Alisher aka ularni nabiralaridek – bola tili bilan kutib oldi. Eng qizigʻi, bolajonlar oʻz xohishi bilan bemor kursisiga oʻtirib, hattoki ekrandagi burun va tomoqdagi oʻzgarishlarni qiziqish bilan kuzatishdi. Bilishimcha, bu uskunadan ular ikkinchi marotaba foydalanayotganlari uchun oʻzlarini erkin tutishgan ekan.
Shunday qilib, suhbat davomida aytilgan gaplarga amalda ham guvoh boʻldim.
Nazokat NURMATOVA
suhbatlashdi