23 YILLIK MEHNAT SAMARASI EʼTIROF ETILDI
23 YILLIK MEHNAT SAMARASI EʼTIROF ETILDI
“Temiryo‘lekspress” aksiyadorlik jamiyatining “Hyundai Rotem” sexi boshlig‘i Sayidazim Qodirov yuksak davlat mukofoti – “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
U “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan ushbu sharafga loyiq ko‘rildi. S.Qodirov temir yo‘l tizimidagi islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, tashabbuskorligi hamda ko‘p yillik samarali mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
– To‘g‘risini aytsam, bunday yuksak eʼtirofni kutmagan edim. Koreya Respublikasiga yangi poyezdlarni qabul qilib olish uchun jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganimda, telefon orqali xushxabarni yetkazishdi. Farmonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagunimcha ishonmadim. Bu men, oilam va yaqinlarim uchun kutilmagan, quvonchli voqea bo‘ldi, – deydi S.Qodirov.
Sayidazim Qodirov 1980 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yili Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini “Temir yo‘l transportida harakatni boshqarish va unda tashishni tashkil etish, yer usti transporti tizimlari, transport vositalari muhandisligi” yo‘nalishini tamomlagan.
– Bolaligimda oilamiz jam bo‘lganda, albatta, temir yo‘l, temir intizom va soha tartib-qoidalari haqida suhbatlashardik, – deydi S.Qodirov. – Boisi, buvam, akam, ukam va opam ham temiryo‘lchi bo‘lishgan. Otam esa ushbu tizimda 40 yildan ortiq mehnat qilganlar. Bundan tashqari, o‘sha kezlari poytaxt markazidagi bolalarning sevimli maskani – “Temiryo‘lchilar” istirohat bog‘iga ko‘p borardim. Shu sababli kasb tanlashda hech ikkilanmaganman.
Qahramonimiz mehnat faoliyatini 2003 yili “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” unitar korxonasida 1-, 2-, 3-darajali elektrik lavozimidan boshlagan. So‘ngra ishlab chiqarish bo‘yicha usta, “O‘zbekiston” lokomotiv deposining joriy taʼmirlash sexida (TR-1) usta va sex boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan. 2012–2016 yillarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi bort-muhandisi bo‘lib ishlab, ushbu texnikalarning tuzilishi, jihozlari, agregat va tizimlarini chuqur o‘rgangan. Poyezdlarning texnik sozligi, harakat hamda yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash borasidagi vazifalarni yuqori masʼuliyat bilan bajargan. Sayidazim Qodirov o‘z mehnati va fidoyiligi orqali “O‘zbekiston” lokomotiv deposi boshlig‘ining taʼmirlash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi bosh muhandisi va katta bort-muhandis lavozimlarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U 23 yillik faoliyati davomida sohada boy amaliy hamda boshqaruv tajribasini orttirib, jamoada munosib obro‘-eʼtibor qozonib kelmoqda.
Bugungi kunda tajribali temiryo‘lchining kasbiy faoliyatida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Hyundai Rotem” elektropoyezdlarining texnik sozligini saqlash, ularga xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash ishlarini samarali tashkil etish, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida mehnat hamda texnika xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
– Hozirgacha yurtimizga 3 ta “Hyundai Rotem” elektropoyezdi olib kelingan bo‘lib, ularning 2 tasi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda, bittasi esa sinov reysida turibdi, – deydi S.Qodirov. – Bundan 15 yil avval olib kelingan “Afrosiyob” poyezdlaridan farqli o‘laroq, ushbu uchinchi avlod elektropoyezdlari mahalliy iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan. Shu bois “Hyundai Rotem” tarkiblari Toshkent – Xiva yo‘nalishiga maqsadli ravishda yo‘naltirilgan. Ular qum bo‘ronlari, quruq iqlim hamda o‘ta issiq yoki sovuq ob-havo sharoitida ham yo‘lovchilar uchun yuqori qulaylik va xavfsizlikni taʼminlaydi. Hozirda mahalliy temiryo‘lchilarimiz ushbu zamonaviy texnikalarga mustaqil xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida koreyalik mutaxassislardan tajriba o‘rganmoqda.
Sayidazim Qodirov elektropoyezdlarning texnik tuzilishi va ishlash tamoyillarini mukammal biladi. Nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish hamda harakat xavfsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratadi. U ko‘p yillik faoliyati davomida to‘plagan boy bilim va tajribasini yosh bort-muhandislar hamda soha mutaxassislariga o‘rgatib, ularning kasbiy malakasini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.