TABRIK AZIZ TEMIRYO‘LCHILAR!

Sizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan ayyom, ma’naviyatimiz tayanchi, milliy g‘ururimiz bo‘lmish ona tilimiz ayyomi – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etaman!

Ona tili – har bir millatning ruhi, madaniyati, tarixi va kelajagi bilan chambarchas bog‘liq muqaddas ne’matdir. Tilda xalqning tafakkuri, qalbi, orzu-umidlari, urf-odatlari va yuksak ma’naviy qadriyatlari mujassam.

Bugungi kunda yurtimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini mustahkamlashga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish keng qamrovli yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon xalqimizda milliy g‘urur va tilimizning kelajagiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirmoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz muhtaram Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining minbaridan turib o‘zbek tilida nutq so‘zlagani – nafaqat yurtimiz, balki butun dunyodagi millionlab yurtdoshlarimizning qalbini faxr va iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirdi. Bu ona tilimizning xalqaro miqyosdagi e’tirofi, uning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallayotganining yaqqol isbotidir.

Shuni alohida g‘urur bilan ta’kidlash joizki, millatimizning Alisher Navoiy, Bobur, Mahmud Qoshg‘ariy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi yuksak ma’naviyat sohiblari, ulug‘ qalam egalari o‘z asarlari orqali nafaqat o‘zbek tilining boyligini namoyon etdilar, balki uning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini ham mustahkamladilar.

Hurmatli temiryo‘lchilar!
Har birimizning oldimizda ulkan mas’uliyat – ona tilimizning nufuzini oshirish, uning sofligini asrash va kelgusi avlodlarga benuqson yetkazish vazifasi turibdi. Zero, ota-bobolarimiz bejiz “Til yashasa – millat yashaydi!” deb aytmaganlar.

Sizlarni yana bir bor o‘zligimiz ifodasi bo‘lmish O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik-xotirjamlik, oilaviy farovonlik va ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ona tilimizning yanada yuksalishi yo‘lidagi hissangiz bardavom bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Cheksiz hurmat va ehtirom bilan

Z. Narzullayev,
“O‘zbekiston temir yo‘llari”
aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisi