NORIN DARYOSI USTIDAN O‘TGAN KO‘PRIK HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan topshirig‘i va 2019 yilning 7 mart kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishning 5394-XX-son bayonida Namangan viloyatining Norin tumani hududidan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi 4R-112 "Farg‘ona halqa yo‘li" avtomobil yo‘lining 98-kilometrida joylashgan Norin daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikni rekonstruktsiya qilib, uning ishonchliligini hozirgi kun me'yorlari talablariga mos keluvchi holatga keltirish bo‘yicha taklif kiritish belgilangan edi.

Ta'kidlash lozimki, ushbu ko‘prik 1962 yilda qurilgan bo‘lib, uning umumiy uzunligi 267,5 metr, qatnov qismining kengligi esa 7,2 metrni tashkil etib, Namangan viloyatini Andijon va Farg‘ona viloyatlari bilan bog‘lovchi asosiy sun'iy inshoot bo‘lgani sababli qariyb 60 yillik xizmati davomida nafaqat aholi avtotransporti, balki o‘ta og‘ir mahsus yuk mashinalarining qatnovi ta'sirida mustahkamlik, ishonchlilik va sifat ko‘rsatkichlarini yo‘qotib borgan. Buning natijasida yillar davomida yuzaga kelgan yoriqlar, betonning nurashi, armaturaning chirishi tufayli bugunga kelib mazkur ko‘prikdan nafaqat avtomobillarning, balki fuqarolarning ham foydalanishiga yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. 

Shuning uchun inshootni rekonstruktsiya qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 yanvardagi PQ-4565-sonli qarori bilan tasdiqlangan manzilli dasturga kiritilib, tez fursatda tegishli qidiruv-tadqiqot muassasalari, loyihalash tashkilotlari ko‘prikning ahvoliga baho berish, uning konstruktsiya ahvolini chuqur tekshirib, o‘rganish hamda uni rekonstruktsiya qilish yuzasidan o‘z takliflarini va loyihalarini ishlab chiqish ishlari boshlab yuborildi. 

Mazkur ko‘prik qurilgan yillardagi avtomobil yuklariga bo‘lgan qurilish me'yorlari hozirgi kunda avtomobil yo‘llarida qatnayotgan og‘ir va ko‘p tonnali yuklarga nisbatan bir necha marotaba pastroq bo‘lgan. Undan tashqari, yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, ko‘prikdagi yillar davomida jamlanib kelingan nuqsonlar uning yuk ko‘tarish imkoniyatini hozirgi kun talabiga javob bera olmasligini ko‘rsatadi. Ko‘prikdan hozirgi kunda o'tayotgan avtotransport harakat jadalligi bir kecha-kunduzda 15-17 ming birlikni tashkil etadi. 

Respublikamizdagi yetachki loyiha va tadqiqot mutaxassislari tomonidan ko‘prik holati tekshirilib, xulosa chiqarildi. Unga ko‘ra ayni paytda ushbu ko‘prikning texnik holatidan kelib chiqib, undan og‘ir yuk transportlarining harakatini to‘xtatish zarurligi to‘g‘risida xulosa olindi. Shundan so‘ng Namangan viloyati hokimining 2020 yil 20 apreldagi 141-sonli farmoyishi asosida ko‘prik orqali avtotransportlar harakati vaqtincha to‘xtatilgach, inshootning harakat qismi elementlari demontaj qilindi, yuk ko‘taruvchi tayanch qismlarini tekshirish ishlari boshlab yuborildi. Tekshiruvlarni ixtisoslashgan tashkilot olib bordi. Maxsus tekshiruvlar bir nechta yo‘nalishda olib borildi. 

Birinchidan, geodeziyaviy qidiruv-o‘lchov ishlari. Bunda mavjud inshoot har tomonlama xatga tushirilib, undagi tayanchlar va poydevorlarning cho‘kishi, vertikallikdan og'ishi kabi ko‘rsatkichlar tekshirildi. Jumladan, ko‘prik tayanchi poydevorlaridan birining yon qismida tuproq kavlanib, 1962 yilda qoqilgan temir-beton qoziq-oyoqlarning (svaylarning) bor chuqurligidagi ahvoli sinchiklab o‘rganildi. 

Ikkinchidan, mavjud temir-beton konstruktsiyalarning fizik ahvoli ravshanlashtirildi. Ya'ni maxsus tadqiqot asbob-anjomlari ("Shmitd" sklerometri, mikrometr va h.k.) vositasida konstruktsiya materiallarining qoldiq mustahkamligi, zichligi hamda yaxlitligi tekshirib chiqildi. Undan tashqari, mavjud darzlar, o‘pirilishlar, ko‘chishlar qayd qilinib, ularning yuk ko‘tarish qobiliyatiga ta'sirini aniqlash uchun hisob-kitoblar qilib, inshoot alohida qismlarining bundan keyingi foydalanishga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligi aniqlandi. 

Uchinchidan, bo‘lg‘usi ta'mirlash, kuchaytirish, zaruriyati bo'lganda, zo‘riqib, to‘kilib qolgan elementlarni butunlay almashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun hozirgi kun me'yolariga muvofiq hisob-kitoblar amalga oshirildi. 

Mazkur tekshiruvlar va hisob-kitoblar natijasida, oraliq qurilmalarning hozirgi kundagi ahvoli, ularni bundan buyon ekspluatasiya qilish xavfli ekanligi, shuning uchun ularni yangi oraliq qurilmalar to‘sinlari bilan almashtirilishi kerakligi to‘g‘risida xulosalar chiqarildi. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, ushbu ko'prikda qo‘llanilgan 22,16 metr uzunlikdagi temir-beton to‘sinlar o‘tgan asrning 60 yillarida turkumlashgan loyihalar bo‘yicha hamda o‘sha davrda qo‘llanilgan texnologiyalar va materiallar asosida yaratilgan bo'lib, hozirgi kunda respublikamiz ko‘priksozligida bu o‘lchamdagi to‘sinlar ishlab chiqarilmaydi. Shu sababli ko‘prikning tayanch ustunlari oralig‘ini saqlab qolish maqsadida shu o‘lchamdagi to‘sinlar uchun individual loyihalar asosida qoliplar tayyorlanib, ishga qo‘yilmoqda. 

Loyihachilar zamonaviy me'yorlarda ko‘zda tutilgan, og‘ir yuk mashinalari ta'siriga chidamli hamda zamonaviy materiallar qo‘llagan holda mustahkam to‘sinlar ishlatiladigan hamda zamonaviy usullar vositasida kuchaytirib, ta'mirlangan tayanchlar va poydevorlarga ega ko‘prik konstruktsiyasi loyihasini tayyorlashmoqda. Yangi loyihaga ko'ra ko‘prikning harakat qismi 7,2 metr o‘rniga 8 metrni tashkil etib, yo‘lning ikki tarafida piyodalar o‘tish yo‘lagi qurilishi rejalashtirilgan. 

Bugungi kunda loyiha ishlari bilan paralel ravishda qurilish-montaj va inshootning temir-beton konstruktsiyalarini ishlab chiqarish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, yaroqsiz 60 dona oraliq to‘sindan 50 tasi demontaj qilinib olib tashlandi. Ayni paytda loyihachilarning tavsiyasiga ko‘ra mavjud ustunlarni ta'mirlash ishlari sifatli va mustahkam tarzda olib borilmoqda. Zarur bo‘lgan temir-beton to‘sinlarning qariyb 70 foizi ishlab chiqarish bazalarida tayyorlandi.

Axborot – tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI