“Nurafshon – Piskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” yo‘nalishidagi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l tarmog‘i qurilishiga start berildi
Bugun Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Bekobod tumanlarida umumiy uzunligi 110 kilometrni tashkil etuvchi mazkur yirik loyiha qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘rtachirchiq tomondan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev, nuroniylar hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi. Bekobod tomondan esa videoaloqa orqali tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov va faollar qatnashdi.
Tadbirda viloyat hokimi ushbu temir yo‘l tarmog‘i Toshkent viloyati iqtisodiy taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlashi, aholi bandligini ta’minlash, zamonaviy transport-logistika xizmatlarini kengaytirish va hududlar o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Zaynilobiddin Nizomiddinov ham o‘z nutqida temiryo‘lchilarni Bekobod erkin iqtisodiy zonasiga shaxobcha temir yo‘li tortish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarining sifati va sur’atini alohida e’tirof etdi. Qurilishi boshlanayotgan yangi loyiha ham tuman aholisiga katta quvonch bag‘ishlayotgani aytildi.
Loyiha doirasida 4 ta temir yo‘l bekati, 21 ta yo‘l o‘tkazgich, 6 ta ko‘prik va 1 ta nim tortish stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri — qurilish ishlarida bugungi kunda yirik xalqaro infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgan temiryo‘lchilarning ilg‘or tajribasi va zamonaviy yondashuvlari qo‘llanilayotganidir.
Xususan, mazkur temir yo‘l yo‘nalishi avtomobil va temir yo‘l kesishmalarisiz loyihalashtirilgani, aholi turar-joylarini chetlab o‘tishi hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni minimallashtirish choralari ko‘rilgani bilan boshqa temir yo‘l qurilish loyihalaridan ajralib turadi.
Tadbir yakunida ramziy qoziq qoqish marosimi o‘tkazildi va qurilish ishlari ikki tomondan ya’ni Nurafshondan Bekobod hamda Bekoboddan Nurafshon tomon boshlangani ma’lum qilindi.
Ushbu yirik infratuzilma loyihasi mamlakat transport tizimini modernizatsiya qilish, hududlarning tranzit salohiyatini oshirish va aholi uchun xavfsiz hamda qulay transport xizmatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI