„Masofaviy ot poygasi“ ga bugun start berildi

Joriy yilning 1 dekabr kuni sahar soat 06:00 da Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahаrdagi Oqsaroy majmuasidan 10 ta Qorabayir zotdor otlarini mingan chavandozlar Toshkent tomon yo‘l olishdi.

Xalq selleksiyasi maxsuli bo‘lgan ushbu zot o‘zgaruvchan tabiiy iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi, jangovarligi, chopqirligi va kuchliligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari Qorabayir o‘zining qator biologik xususiyatlari bilan boshqa zotlardan ustunlikka ega. Asli cho‘l oti bo‘lishiga qaramay, tog‘ sharoitiga yaxshi moslashadi, issiq va sovuqqa chidamli. Shuningdek, poygada, uzoq masofaga yugurishda, to‘siqlar osha baland sakrashda ham ustun. Milliy ot sportida unga tenglashadigani topilmaydi. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Qorabayir otchilik majmuasi  tomonidan mazkur „Masofaviy ot poygasi“ tashkillashtirildi. Bunda otlar 431 km masofani bosib o‘tishi rejalashtirilgan. Demak poyga Shahrisabzdan boshlanib Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida tugaydi. Yo‘l davomida chavandozlarga baxshilar, oshpazlar va boshqa safar mobaynida yordami tegadiganlar hamrohlik qilishmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, otlar yo‘l chetidagi yumshoq yerlardan yuradi va hech qanday avtomobillar harakatiga xalal bermaydi. 

–  Maqsadimiz Qorabayir otlarining chidamliligi va kuchliligini sinovdan o‘tkazish, – deydi Qorabayir otchilik majmuasi direktori Jahongir Sadiqov. Rejaga ko‘ra otlar bir kunda 60-80 km yurishi ko‘zda tutilgan. Agar dovonni muvaffaqiyatli bosib o‘tsa kunlik ko‘rsatkich 100 kilometrgacha uzaytirilishi mumkin. Yo‘l davomida chavandozlarga ham otlarga ham barcha sharoitlar qilib beriladi.

Biz ishonamizki ot – bobolarimiz ardoqlagan Qorabayir zotli otlar ushbu uzoq masofani qiyinchiliklarsiz bosib o‘ta oladi. Barcha tadbir ishtirokchilariga omad tilab qolamiz. 

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI