Ko‘prik quruvchilarining oylik maoshi bilan bog‘lik voqeaga sharx

Ijtimoiy tarmoqlarda 13-Ko‘prikqurilish otryadi ishchilari orasida 3 oydan buyon oylik maosh berilmayotganligi sababli noroziliklar kelib chiqayotganligi to‘g‘risida videotasvir tarqatilgan.

“Ko‘prikqurilish” Tresti UK rahbariyati tomonidan joyiga borib vaziyat atroflicha o‘rganib chiqildi va video tasvirga muallif tomonidan berilgan izohda biroz noaniqliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.


Trest tarkibidagi barcha korxonalar ishchilarining  2020 yil uchun ish haqlari to‘liq qoplab berilgan bo‘lib, aslida oylik ish haqidan qarzdorlik faqat joriy yilning yanvar oyi uchun mavjud, Trest ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasida qabul qilingan Jamoa shartnomasiga ko‘ra ish haqini to‘lash muddati hisobot oyidan keyingi oyning yakunigacha, ya’ni, fevral oyi ish haqini to‘lash muddati mart oyining yakunigacha hisoblanishi belgilangan.

Trest rahbariyati tomonidan ishchilarga zarur tushuntirish ishlari olib borilib, yanvar oyi ish haqi to‘liq qoplanganligi ma’lum qilindi va fevral oyi uchun maosh mart oyining yakunigacha qoplanishi rejalashtirildi.

“Ko‘prikqurilish” Tresti UK