Navoiyda zamonaviy vokzal va innovatsion o‘quv markazi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan Navoiy viloyatida temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, kadrlar salohiyatini oshirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev hududga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, raqamlashtirish jarayonlari va yo’lovchilar uchun yaratilayotgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Dastlab Navoiy temir yo‘l vokzalida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari ko‘zdan kechirildi. Bugungi kunda vokzal binosida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan servis sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda infratuzilmani yanada yaxshilash
maqsadida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Boshqaruv raisi qurilishda zamonaviy me’moriy yechimlarni qo‘llash hamda yo’lovchilarga qo’shimcha qulayliklar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
 
Shundan so‘ng tashrif Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli tarkibidagi Navoiy signallashtirish va aloqa masofasida tashkil etilayotgan “MPS Turon” o‘quv markazida davom etdi.

Mazkur markazning asosiy maqsadi mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan MPS Turon, MPAB Turon, DSTuron va MAPS Turon kabi zamonaviy signalizatsiya va avtomatika tizimlarini temir yo‘l infratuzilmasiga keng joriy etish hamda ushbu texnologiyalar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

Boshqaruv raisi ushbu markaz nafaqat kadrlar tayyorlash, balki yangi temir yo‘l liniyalarini barpo etish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilishda innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, amaliy mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun markazni barcha zarur zamonaviy texnika va uskunalar bilan to‘liq jihozlash lozimligini qayd etdi.


Boshqaruv raisining hududiy tashrifi davom etmoqda.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI