
Temir yo‘l transporti tizimida yuk va yo‘lovchi poyezdlarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri
Bordiyu uchastka yo‘llarida poyezdlarning harakati davomida noxush hodisalar, avariya holatlari sodir bo‘lsa, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi Tiklash poyezdlari korxonalarining mutaxassislari shay holatda turishi zarur. Buning uchun ularning malakasini oshirish maqsadida muntazam o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib borilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2021 yil 20 iyundagi “Maktab-seminar o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan tarmoqning Texnik va texnologik nazorat boshqarmasi boshlig‘ining tiklash vositalari bo‘yicha o‘rinbosari Xasan Matiyev boshchiligida “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi “Xo‘jayli” stansiyasida joylashgan “4307-sonli Tiklash poyezdi” korxonasida o‘quv amaliyoti bo‘yicha maktab-seminar o‘tkazildi.
Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining barcha tiklash poyezdlarining mutaxassislari jalb etilib nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi. Maktab-seminar davomida avariyaga uchragan poyezdlarni xavfsiz tiklash jarayonida zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va ulardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari ko‘rsatib berildi.
Mashg‘ulotlar davomida yuk ko‘tarish krani jalb etilgan holda poligon hududida ko‘rgazmali ravishda avariya-tiklash ishlari Tiklash poyezdi korxonasining shaxsiy tarkibi tomonidan ko‘rsatib berildi hamda mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayonida mutaxassislar zarur o‘quv anjomlari bilan to‘liq ta’minlandi. Xususan, temir arqonlar (troslar), yuklarni qamrab oluvchi yechiladigan maxsus moslamalarni yukning og‘irligiga va konstruktiv xususiyatiga qarab olinishi hamda moslamalar bilan to‘g‘ri foydalanish va xavfsiz ishlatish yo‘llari ko‘rsatildi.
O‘quv-seminarga taklif qilingan Tiklash poyezdi korxonalarining boshliqlari, muhandis hamda texnik-xodimlar va kran mashinistlari tiklash texnik vositalari va moslamalarni texnik sozligini ta’minlash hamda texnik vositalarga to‘g‘ri texnik hizmat ko‘rsatish bo‘yicha olgan bilimlarini namoyon etishdi. Mutaxassislarning amaliy tayyorlik darajasini oshirish maqsadida har bir ishni sifatli bajarish, texnik vositalarga mukammal xizmat ko‘rsatish borasida keng tushuntirishlar berildi.
– Texnik mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayonida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi va Xo‘jayli Tiklash poyezdi korxonasining shaxsiy tarkibi va tashrif buyurgan tiklash poyezdlari vakillari o‘rtasida avariya holatlarini bartaraf etish qoidalari va choralari bo‘yicha bajarilgan ishlar yuzasidan munozara o‘tkazildi, – deydi Texnik va texnologik nazorat boshqarmasi boshlig‘ining tiklash vositalari bo‘yicha o‘rinbosari Xasan Matiyev. – O‘quv amaliyoti davomida ishtirok etgan mashinist va mashinist yordamchilari, shu kasbdagi mutaxassislar kran orqali yuk ko‘tarish, og‘ir vaznli yuklarni to‘g‘ri ilish, bir joydan boshqa joyga olib o‘tish va tushirish ishlarini mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga muvofiq bajarish, og‘ir qo‘l mehnatini osonlashtirish yo‘llarini va ishlarni sifatli bajarishni o‘rganish hamda texnik vositalarning qurilmalarini, maxsus ilish moslamalarini chuqurroq o‘rganish uchun amaliy va texnik mashg‘ulotlarda kerakli bilimlarga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, X.Matiyev ishtirokchilarga texnik vositalarga xizmat ko‘rsatish, ularning ishlash muddatini uzaytirish, yuklarni ortish ishlarini xavfsiz bajarish maqsadida temir konstruksiyalar, burilish va pastki yurish qismlari, dizel yurgizgichlari, gidravlik tizimi, reduktorlar, elektr tizimi, o‘q-strelasiga to‘g‘ri va o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatib, buzulishlarni oldini olish maqsadida ta’mirlash ishlarini tashkillashtirishni tushuntirib berdi.
Mashg‘ulotlar davomida “Xo‘jayli” stansiyasidagi 4307-sonli Tiklash poyezdi korxonasi mashinistlari tomonidan kranni xatosiz boshqarish bo‘yicha amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, vagonlarni tiklashni amaliy tarzda ko‘rsatib berishdi. Natijada Tiklash poyezdi korxonasining ishchi-xodimlari o‘z bilim darajalarini yana bir bor sinovdan o‘tkazib, texnik hizmat ko‘rsatish masalasida mahoratlarini boyitishdi.
Ishtirokchilar uchun poligon hududida texnik vositalar o‘rnatilib, mutaxassislar kranlar orqali vagonlarni aylantirib, belgilangan joyidan ilish, ortish va tushirish ishlarini mukammal bajarishdi. Ularga amaliy o‘quv mashg‘ulotlari jarayonida texnik xizmat ko‘rsatish muddatlari, usullari, yo‘llari, vaqti-vaqti bilan almashtirib turiladigan ehtiyot qismlar haqida nazariy shaklda tushuntirishlar berildi.
Ishtirokchilar avariya-tiklash ishlarida muhim bo‘lgan texnik vositalar bo‘yicha: yuk ko‘tarish kranlari, tortish texnikasi, avtotransport texnikasi, yog‘-gidravlik uskunalari va maxsus anjomlar qatoriga kirgan temir arqonlarning foydalanish qoida, usullari bo‘yicha bilimlarini yanada kengaytirishdi va kerakli ma’lumotlarni keng doirada o‘zlashtirishdi. O‘rgangan yangi bilimlarini tahlil qilishdi.
Tadbir yakunida mutaxassislar olgan bilimlari va tajribalarini avariya tiklash ishlarini tezkorlik bilan bajarish, texnik tiklash vositalarini va moslamalarning texnik sozligini, tiklash poyezdi mutaxassislarining amaliy tayyorlik darajasini pasaytirmaslik hamda malakalarini oshirishga kelishib olindi.
X.Matiyevning aytishicha, Urganch shahrida qurilayotgan yer osti yo‘liga keltirilgan og‘irligi 90 tonna bo‘lgan temir-beton balkalarni vagondan tushirish ishlarida Tiklash poyezdi korxonasi mashinist va mashinist yordamchilari ham faol qatnashdi. Vagonlardan tushirilgan barcha temir-beton balkalar mustaqil O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida, Xorazm viloyatini salohiyatini oshirish va Urganch shahrini obod qilish uchun yo‘l ostida qurilayotgan tunnelda ishlatilishini, unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ham katta hissa qo‘shayotganini e’tirof etish zarurligini qayd etdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI