O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ da yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-son Farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ da mas’ullar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, 2021-yil 31-iyundagi PQ-5132-son qarori hamda 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son Farmoni asosida "ijro.gov.uz" tizimida nazoratga olingan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jamiyatning katta majlislar zalida departament, boshqarma, muassasa, markaz, MChJ, AJ, ofis, tashkilot va xizmat rahbarlari hamda ijro intizomiga mas’ul xodimlari ishtirokida 7 oylik hisobotlari yuzasidan majlis bo‘lib o‘tdi.

Majlisni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi – kotibiyat boshlig‘i A.Abdurazakov olib bordi. “ijro.gov.uz” tizimida namunali ish yuritish, hujjatlarni tizimga to‘g‘ri joylashtirish, tizimda takror kamchiliklarni bartaraf etishda yo‘l qo‘yilayotgan va kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar haqida ma’lumot berdi.

2025-yil davomida “Ijro.gov.uz” tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, Qarori va Farmoyishlari hamda hududlarga tashriflari bayonlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga yuklatilgan topshiriqlar soni umumiy 350 tani tashkil etib, bugungi kunga qadar 191 ta topshiriq ijrosi to‘liq va sifatli ta’minlandi va 159 ta topshiriq bajarilmoqda.

A.Abdurazakov kun tartibidagi masalani davom ettirgan holda barcha yig‘ilish ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil
25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-son Farmoni bilan tanishtirdi.

Farmon bilan ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari etib, quyidagilar belgilandi:

(a) qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;

(b) hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish;

(v) davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning mas’uliyatini oshirish;

(g) Hukumat qarorlari ijrosini tashkil etish jarayonlarini raqamlashtirish;

(d) ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari farmoyishlari (kadr, moliyaviy-xo‘jalik va boshqa idoraviy-tashkiliy masalalariga oid farmoyishlardan tashqari) va topshiriqlari ijrosini “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali nazorat qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Majlis so‘ngida boshqarma, tashkilot va korxonalarning ijro intizomiga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI