Murakkab jarrohlik amaliyoti ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik   jamiyati  Sog‘liqni  saqlash xizmati tasarrufidagi Samarqand bekati birlashgan kasalxonasida jarrohlik amaliyotining turli yo‘nalishlarida o‘z kasbining mohir mutaxassislari mavjudligi sabab, bu yerga nafaqat respublikamiz viloyat va shaharlaridan, balki qo‘shni davlatlardan ham davo istab kelayotgan bemorlar soni yil sayin ko‘payib bormoqda.

Mamlakatimiz temir yo‘l tizimidagi eng namunali shifo maskanlaridan biriga aylangan Samarqand bekati birlashgan kasalxonasi va u yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali, fidoyi shifokorlarning bemorlar dardiga davo topayotgani, qolaversa, murakkab jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli bajarayotgani sababli temiryo‘lchilar ham, qo‘shni davlatlar va respublikamizning turli hududlaridan kelayotgan bemorlar ham tez tuzalib, sog‘lom hayotga qaytishmoqda.

– Shifoxonada 4 ta – poliklinika, bolalar, terapiya (ichki kasalliklar) hamda jarrohlik bo‘limlari mavjud, – deydi Odil Ishankulov. –  Kasalxonamiz 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 100ta o‘rin temiryo‘lchilarga, 50ta o‘rin esa aholiga pullik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu yerda Jizzaxdan Navoiy va Qashqadaryogacha bo‘lgan hududdagi temir yo‘l korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 6700 nafar temiryo‘lchi, shundan  2300 nafari nafaqadagi soha xodimlariga xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, ushbu hududlarda vaqtincha mehnat qilayotgan temiryo‘lchilarga ham xizmat ko‘rsatiladi. Kasalxonada temiryo‘lchilarga xizmat ko‘rsatish va davolash mutlaqo bepul. Undan tashqari pullik xizmat asosida Samarqand viloyati va boshqa hududlardan kelib davolanayotganlar ham bor.

 “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining ko‘magi bilan bosqichma-bosqich 4 qavatli shifoxonaning har bir bo‘limi, bemorlar yotadigan xonalar to‘liq taʼmirlandi. Har yili bittadan bo‘lim taʼmirlanib, 2021 yil mart oyida bu yerda taʼmirlash ishlari to‘liq tugatildi. So‘ng esa shifoxonada zamonaviy tibbiy jihozlarni sotib olishga ham alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, 2021 yilda yuqori klassli UZI apparati, IVL xarid qilindi. Ayni paytda laparoskop apparati olishga buyurtma berilgan.

Shifoxonada xodimlarni va temiryo‘lchilarni koronavirusga qarshi emlash jarayoni ham olib borilmoqda. Joriy yilning aprel oyida dastlab shifoxona rahbar va xodimlari emlandi. Shundan so‘ng mutaxassislar temir yo‘l korxonalariga borib, ishchi-xodimlarni SOVID-19 ga qarshi emlashdi. Bugungi kungacha tibbiy cheklovi bo‘lmagan xodimlar 95 foiz emlandi.

Samarqand bekati birlashgan kasalxonasining poliklinikasiga tashrif buyurayotgan bemorlarga ham sifatli xizmat ko‘rsatilyapti. Bugungi kunda shifoxonada 33 dan ortiq shifokor, 112 ta hamshira va kichik tibbiyot xodimlari faoliyat ko‘rsatadi. Bu yerga har kuni o‘rtacha 500 nafar temiryo‘lchi shifo istab murojaat qiladi. Ular orasida davriy tibbiy ko‘rik, dispanser nazoratiga olingan bemorlar ham bor. Undan tashqari betob bo‘lib qolgan, o‘zini noxush sezgan temiryo‘lchilar ham tashrif buyurishadi.

Poliklinikada tashxis qo‘yish uchun tibbiy laboratoriya barcha jihozlar bilan taʼminlangan. Yaqinda PSR apparati – inson qonida Covid-19 virusining mavjudligini va organizmda immunitet bor-yo‘qligini aniqlaydigan zamonaviy texnika sotib olindi. Bugungi kunda poliklinikada kanalizatsiya quvurlari taʼmirlanib, isitish tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, mazkur shifoxonaga davo istab kelayotganlar orasida nafaqat respublikamiz hududlari, balki qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va hatto Afg‘onistondan og‘ir jarrohlik amaliyotlarini o‘tash uchun bemorlar tashrif buyuradi. Bunga bu yerdagi tajribali jarrohlarning o‘z ishini puxta bajarishi va xalq orasida eʼtirof etilayotganidan bo‘lsa kerak. Ular orasida shifoxonaning jarrohlik bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Axtam Nosirov, oliy toifali shifokor, ortoped-travmatolog Mixail Haydarov,  oliy toifali shifokor Tyan Igorni alohida aytish mumkin.

Ular malakali xorij tajribasiga ega bo‘lgani uchun murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishadi.

Ayniqsa, Mixail Haydarov 2011 yilda Samarqand bekati birlashgan kasalxonasining xirurgiya bo‘limi, travmatologiya qismida faoliyatini  boshlagach, bu yerda umurtqa pog‘onasi jarrohligi, katta chanoq son bo‘g‘imlari, tizza bo‘g‘imi artroskopiyasi, katta naysimon suyaklarni BIOS usulda oddiy sintez qilish, son, oyoq, boldir, bilak, tirsak suyaklarida plastinalar bilan davolash hamda umurtqa pog‘onasida transpendikulyar davolash usuli yo‘lga qo‘yildi.

Biz shifoxonaning eng iqtidorli, jonkuyar shifokorlaridan biri Mixail Haydarov bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. Garchi bu insonning vaqti juda ziq, har bir daqiqasi inson salomatligi bilan bog‘liq bo‘lsada, bizga 2-3 daqiqa vaqt ajrata oldi.

– 1982 yilda Samarqand tibbiyot institutini tugatib, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasida travmatolog bo‘lib faoliyatimni boshlaganman, – deydi M.Haydarov. – 2011 yildan esa Samarqand bekati birlashgan kasalxonasining xirurgiya bo‘limi, travmatologiya qismida faoliyatimni davom ettiryapman. Shifoxonamizda bir yilda o‘rtacha 120-150 tagacha chanoq son bo‘g‘imi jarrohlik amaliyoti, 30-40 tagacha umurtqa pog‘onasi hamda 150-160 tagacha tizza bo‘g‘im artroskopiya jarrohligi  o‘tkaziladi. Jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun zarur bo‘lgan narkoz va rentgen hamda tizza bo‘g‘imi bilan ishlash uchun artroskopiya apparati olib berilgan. Mazkur zamonaviy tibbiy jihozlar yordamida bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va davolash ishlari samarali olib borilmoqda.

Mixail Haydarov faoliyati davomida Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Italiya, Polsha, Gruziya davlatlarida malaka oshirib, xorij tajribasini yaxshi o‘zlashtirgan shifokorlardan. Qolaversa, ish faoliyatini har kuni erta tongda soat 6:00 da boshlab, kechqurun oxirgi bemorga xizmat ko‘rsatgandan so‘ng uyiga ketadi. Uning uchun inson salomatligi har narsadan ustundir. Shu bois kasbiga fidoyi bu shifokorga bir kunda o‘rtacha 50-60 nafar bemor murojaat qiladi, ularning 4-5 tasida esa bir kunda jarrohlik amaliyoti o‘tkazadi. Xalq tilida “qo‘li yengil, tajribali shifokor” nomi bilan tanilgan Mixail  Haydarov bemorlari tezda tuzalib, qisqa muddatda ish faoliyatiga qaytishmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI