Temiryo‘lchilar Prezident saylovida faol ishtirok etishadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi sayloviga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Joriy yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimizda Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

Qariyb 90 ming nafarga yaqin ishchi-xodimlarga ega “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi ham mazkur muhim siyosiy tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida 23 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Tarmoqning Toshkent, Qo‘qon, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz shaharlaridagi korxonalarida saylov uchastkalari tashkil etilib, saylovchilarning o‘zlari xohlagan va ishongan nomzodlarga ovoz berishlari uchun barcha sharoitlar yaratib qo‘yildi.

O‘tgan vaqt davomida “Qo‘qon”, “Buxoro”, “Qarshi”, “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonalarida hamda Jizzax temir yo‘l masofasi, “Buxoro” lokomotiv va vagon depolari, Toshkent, Samarqand hamda Qo‘qon temir yo‘l texnikumi, “Ko‘prikqurilish" Tresti UK, “Samarqand” vagon taʼmirlash deposida saylov uchastkalari tashkil etildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 7ta korxonada saylov uchastkalari tashkil etildi.

Poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida 113-saylov uchastkasi joylashgan bo‘lib, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga Nukus, Amir Temur, Turkiston, Taras Shevchenko, Oybek hamda Kichik Halqa avtomobil yo‘li ko‘chalaridagi xonadonlardan jami 2218 nafar saylovchi kelib, o‘zi ishongan nomzodga ovoz berishi kutilmoqda. Bugungi kun holatiga ko‘ra 30 nafar saylovchilar muddatidan oldin o‘zi ishongan nomzodiga ovoz berdi.

– 113-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash uchun saylovchilarga barcha sharoitlar yaratib berildi, – deydi 113-saylov uchastkasi aʼzosi Surayyo Akbarova. – Bu yerda prezidentlikka nomzodlarning surati va tarjimai holi, saylovchilarning to‘liq ro‘yxati, saylov byullitenini tashlash uchun o‘rna, yashirin ovoz berish uchun 4ta kabinka, tibbiyot xonasi, imkoniyati cheklanganlar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, saylov komissiyasi raisi, uning o‘rinbosari hamda kotiba va aʼzolar xonalari kerakli mebellar, texnika vositalari, telefon, televizor hamda uzluksiz internet aloqasi bilan to‘liq taʼminlandi. Saylov uchastkasi aʼzolarining umumiy soni  13 kishidan iborat. 113-saylov uchastkasiga Milliy gvardiya, uchastka noziri hamda Transport ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ham biriktirildi.

Qarshi temir yo‘l taʼmirlash korxonasi binosida esa 25-saylov uchastkasi joylashgan bo‘lib, saylov uchastkasi xonalari taʼmirdan chiqarilib, zarur mebellar, texnika vositalari, telefon, televizor hamda uzluksiz internet aloqasi bilan taʼminlangan. Saylov uchastka aʼzolari 15 kishidan iborat bo‘lib, shundan 12 nafari temir yo‘l xodimlaridir. “Qarshi” vagon deposi binosida 27-saylov uchastkasi joylashgan bo‘lib, saylov uchastkasi xonalari to‘liq taʼmirlanib kerakli mebellar, texnika vositalari, telefon aloqasi, televizor hamda uzluksiz internet aloqasi bilan to‘liq taʼminlangan. Saylov uchastka aʼzolari 15 kishidan iborat bo‘lib, shundan 7 nafari temir yo‘l ishchi xodimlaridan iborat.

Bir so‘z bilan aytganda temir yo‘l korxonalarida tashkil etilgan saylov uchastkalarida nomzodlarni shaffof va xalqaro talablar darajasida saylash hamda karantin qoidalariga to‘liq amal qilishlariga har tomonlama sharoitlar yaratib berilmoqda.

Bugun tobora yaqinlashib kelayotgan saylov kuni bilan yashayotgan xalqimiz, xususan, ko‘p ming sonli temiryo‘lchilar ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etib, ertangi farovon kunimizga munosib hissa qo‘shadigan nomzodlarga ovoz berishlariga shubha yo‘q.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI