Temir yo‘l kasalxona va poliklinikalari elektron ish tizimga o‘tmoqda

Bugungi kunda butun dunyoda zamonaviy texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yo‘nalishga o‘z vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar esa taraqqiyotdan orqada qolmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada  ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirila boshlandi. Xususan, 2020 yil 28 aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish bo‘lmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni o‘ziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur o‘rganishi kerak”, deb taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari har doim avvalo, aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilish, ularga har tomonlama qulayliklar yaratish zarurligini taʼkidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati topshirig‘iga asosan, Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda. Binobarin, ayni paytda Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalarida integratsiyalashgan axborot tizimini yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, «TMED» integratsiyalashgan axborot tizimini joriy qilish orqali qog‘oz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish esa 60 foizga qisqaradi. Buning uchun tibbiyot muassasalarini to‘liq raqamlashtirish lozim. Hozirgi kunda «TMED» integratsiyalashgan axborot tizimi Urganch, Qo‘ng‘irot, Qo‘qon hamda Andijon temir yo‘l kasalxonalarida to‘liq shaklda, Markaziy temir yo‘l poliklinikasida esa test rejimida faoliyat yuritmoqda.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda Sog‘liqni saqlash xizmati tibbiyot muassasalarida temiryo‘lchilarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aniq tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologiyali usullarni amaliyotda keng qo‘llash borasida bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida teletibbiyot amaliyotining tatbiq etilishi natijasida temiryo‘lchilarning barcha qatlamini ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan qamrab olish, bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va ularni samarali davolash imkoni yaratilmoqda.

teletibbiyot nima beradi, degan asosli savol tug‘ilishi mumkin?! Avvalo, olis hududlarda yashovchi temiryo‘lchilarimizning tuman hamda shahar markazidagi malakali shifokorlar bilan real vaqt oralig‘ida bog‘lanib, onlayn ko‘rikdan o‘tish, terapevtik davo maslahatlarini olish imkonini beradi. Yaʼni, bemor bilan shifokor o‘rtasidagi masofa ahamiyatli bo‘lmaydi.

Temiryo‘lchilarning ko‘pchiligi ixtisoslashgan shifoxonalarda davolanishga har doim ham iqtisodiy-moliyaviy jihatdan imkoniyat topa olmasligi mumkin. teletibbiyot tizimida esa onlayn maslahatlashish yo‘lga qo‘yilishi natijasida malakali shifokorlar, professorlar bilan onlayn muloqotda bo‘lishga sharoit yaratiladi. Bu ham bemorning, ham mutaxassis-shifokorlarning vaqtini, shu bilan birga, mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.

Shu jihatdan qaraganda, pandemiya davrida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu boradagi tajribani, amaliy ko‘nikmalarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha sog‘liqni saqlash tizimida aniq strategiya ishlab chiqilishi zarur. Qaysi hududda, qaysi tuman yoki shaharda, qaysi muassasalarda qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha qachondan onlayn maslahatlar o‘tkazilishi haqida aniq rejani belgilab, ularning amalga oshish jarayonlaridan muntazam boxabar bo‘lib borishimiz zarur.

Innovasion teletibbiyot izchil yo‘lga qo‘yilsa, aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi qamrovi kengayadi, olis hududlarda yashovchi temiryo‘lchilarimizning ham ilg‘or tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, onlayn konsiliumlar, onlayn seminarlar, onlayn master klass darslari va onlayn namoyishli jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Raqamli iqtisodiyotni joriy etish va unumli ishlatish albatta, mutaxassislar salohiyatiga bog‘liq. Shu bois, kadrlar tayyorlashga har tomonlama ahamiyat berilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida bepul o‘qitish mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Ayniqsa, hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalarida optik tolali internet tarmog‘i tortilib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining amaliy ko‘magi bilan mazkur tibbiyot muassasalariga eng zamonaviy 113 dona kompyuter jamlanmalari keltirildi.

Hozirgi kunda Sog‘liqni saqlash xizmati tizimidagi tibbiyot muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan tibbiy pullik xizmatlar uchun to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn rejimda to‘lash imkoniyati to‘liq yaratilgan.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI