Yuk va tijorat ishlari xo‘jaligi faoliyatidan

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Yuk va tijorat ishlari boshqarmasiga asosan, turli tipdagi vagonlarga yuklarni ortish, tushirish va qayta ortish ishlari, import-eksport yuklarni tashish uchun xalqaro kelishuvlarni tashkil etish, tashkilot va korxonalarga tegishli bo‘lgan shoxobcha temir yo‘llardan foydalanish jarayonida vagonlardan unumli foydalanish, mahalliy texnik miqdorlarini belgilash, yuk egalari bilan ish yuritish kabi qator vazifalar yuklatilgan.

Ushbu murakkab va masʼuliyatli yo‘nalishda faoliyat olib borish ham yuqori malakani talab etishi shubhasiz. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda ushbu masalaga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Yosh kadr, ishchi-xodimlarning bilim saviyasini oshirish, lavozimdagi malakasini oshirishga qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent temir yo‘l texnikumi qoshidagi kadrlar malakasini oshirish  va qayta tayyorlash Markazining yuk va tijorat ishlari xodimlarini o‘qitish dasturining hajmi 2021 yildan boshlab ikki barobarga ko‘paytirildi, yaʼni 348 ta xodimni malakasini oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning 9 oy mobaynida jami 232 ta xodim kasbiy malakalarini muvaffaqiyatli oshirishdi.

2021 yil fevral – mart oylarida hududiy “Mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKlarda yuk xo‘jaligi bo‘yicha qator o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etilgan bo‘lib, ularda jami 1000 nafardan ortiq ishchi-xodimlari ishtirok etgan.

Hududiy “Mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKlar joriy yilda “Vagon va konteynerlarga ortilgan yuklarni joylashtirish va mahkamlash, texnik shartlari, hamda konteynerlarni vagonlarga ortish tartibi bo‘yicha “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning logistika markazlarida, hamda stansiyalarda o‘quv seminar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, jami 600 nafardan ortiq xodimlar ishtirok etgan.

Shuningdek, joriy yilda yuk xo‘jaligi sohasidagi xodimlarni egallab turgan lavozimiga muvofiqligi bo‘yicha 2021 yil 1 avgustdan 11 oktyabrga qadar attestatsiya o‘tkazildi. Unda barcha hududiy “Mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKlarda faoliyat yuritayotgan yuk va tijorat ishlari bo‘limi xodimlari, yuk kassirlari, yuk qabul qilib topshiruvchilar, poyezd qabul qiluvchilar, shuningdek, stansiya boshliqlari, yuk va tijorat ishlari bo‘yicha stansiya boshliq o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

Attestatsiya natijalariga ko‘ra, attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilangan 1419 nafar xodimdan, 1200 nafardan  ortiq xodim attestatsiyada qatnashdi. Ulardan 1100 nafardan ortiq xodim egallab turgan lavozimiga loyiq deb topildi, 169 tasi esa 6 oydan so‘ng, qayta attestatsiyadan o‘tkazish sharti bilan egallab turgan lavozimiga loyiq deb topildi.

Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan 68 ta xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, ularning keyingi mehnat faoliyati bo‘yicha tegishli harakatlar ko‘rilishini (lavozim bo‘yicha o‘sishi uchun kadrlar zaxirasiga kiritish, yana-da masʼuliyatli boshqa lavozimga o‘tish, yangi ishga kirgan xodimlarga ish o‘rgatish haqida ko‘rsatma berish, uning malakasini, tarif razryadini oshirish va boshqalar) attestatsiya komissiyasi  tomonidan tavsiya etildi.

Attestatsiya davomida topilgan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan, shu jumladan:

-  joylardagi yuk ortish hajmi kam bo‘lgan yoki bir xil turdagi (neft mahsulotlari, uyma, sochma) yuklar ortiladigan stansiyalardagi ish staji 3 yildan kam bo‘lgan ishchi xodimlarni 1-, 2-klass stansiyalariga 3 oyga vaqti-vaqti bilan almashtirish (rotatsiya qilish);

-  6 oydan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkazish sharti bilan egallab turgan lavozimiga loyiq deb topilgan xodimlarni tajribali ishchi xodimlarga biriktirish;

-  har bir ishchi xodimlarning lavozim Yo‘riqnomalari bilan qaytadan tanishtirish;

-  o‘quv seminar yig‘ilishlarida ushbu sohaga tegishli bo‘lgan amaldagi temir yo‘l meʼyoriy hujjatlari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish.

Taʼkidlash joiz, amalga oshirilayotgan bu kabi samarali ishlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning boshqa sohalarida ham amalga oshirib kelinmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI