Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi korxonalar ishtirok etmoqda

Maʼlumki, shu kunlarda poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘z ishini davom ettiryapti.

Yarmarkada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “O‘ztemiryo‘lmashtaʼmir” unitar korxonasi, “Quyuv-mexanika zavodi” va “Andijon-mexanika zavodi” shoʻba korxonalari, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati “UzXCMG” zavodi, “Toshkent-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar ishtiroki ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning eʼtiborini tortmoqda.

– Тarmoqlararo yaramarkada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi ishlab chiqarish sanoati korxonalarining yuzga yaqin mahsulotlari bilan faol ishtirok etyapmiz, – deydi “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasining marketing bo‘yicha muhandisi Otamurod Abdurahimov. – Bu yerda asosan temir yo‘l tizimiga xorijdan import qilinadigan mahsulotlar hamda tarmoq korxonalarida mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etilmoqda. Yarmarkada mamlakatimiz temir yo‘l tizimi uchun xorijdan import qilinadigan temir mahsulotlaridan uch-to‘rt turdagi temir list, shveller, ugolok, quvur hamda krok mahsulotlarini namoyish etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad hamkor korxonalar bilan kelishgan holda ushbu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali import mahsulotlarini kamaytirishdan iborat. Shuningdek, temir yo‘l korxonalarida import o‘rnini bosuvchi mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilgan hamda modernizatsiya va lokalizatsiya qilingan mahsulotlar tadbirkorlarga taklif etilmoqda. Bu yarmarka orqali nafaqat O‘zbekistondagi korxonalar bilan, balki qo‘shni davlatlar hamda xorij mamlakatlari korxonalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, rivojlantirish va eksport hajmini oshirib, temir yo‘l uchun import qilinadigan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatiga ega korxonalar bilan aloqalarni mustahkamlashdir. Ushbu yarmarkada namoyish etayotgan mahsulotlarimizga yurtimizda ham, qo‘shni va uzoq xorij davlatlari korxonalari hamda tadbirkorlari tomonidan ham katta qiziqish bildirilyapti. Ko‘rgazma davomida hamkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda mahsulotlarimizni sotish va eksport qilish uchun shartnomalar imzolash rejalashtirilgan.

Taʼkidlash lozimki, ushbu yarmarka mahalliy tadbirkorlar bilan yirik ishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasidagi hamkorlikning yana-da rivojlanishiga hamda ichki va tashqi bozorlarda muvaffaqiyatli raqobatlashish uchun mahalliylashtirilgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI