Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining "Qamchiq" dovoni hududida bo‘lib o‘tgan hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlari haqida

Joriy yilning 17-18 dekabr kunlari "Qamchiq" dovonida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi qirqdan ortiq tashkilot kuch va vositalari jalb etilgan holda keng ko‘lamli qo‘mondon-shtab o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.  

Unda, shu jumladan, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘llarining "Qamchiq" dovoni qismida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining hamkorlikdagi harakatlari” mavzusida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun temir yo‘l stansiyalari va uchtaska yo‘llarida barcha zarur sharoitlar yaratilib, unda temiryo‘lchilar ham zamonaviy texnikalarda samarali ishtirok etishdi va nazariy hamda amaliy bilimlarini yana-da oshirishdi.

O‘quv mashg‘uloti davomida vazirlik va tashkilotlar bilan bir qatorda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufiga kiruvchi "Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli" unitar korxonasi tarkibiy qisimlari, Qo‘qon temir yo‘l shifoxonasi xodimlari, Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi hamda "Qamchiq" qo‘riqlash otryadi, "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ ishchi-xodimlari ishtirok etdilar. 

Maʼlumki, temir yo‘l o‘tgan hududlarda yuk va yo‘lovchi poyezdlarining xavfsiz harakatlanishini ishonchli taʼminlash, tabiiy hamda texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar va ularning ikkilamchi omillari (yong‘in, sel, qor va yer qatlamlarini ko‘chishi) oqibatida sodir bo‘ladigan favqulodda holatlarga  tegishli soha mutaxassislarining har doim shay turishi juda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, mamlakatimizning baland tog‘lar orasidan o‘tgan "Angren – Pop" temir yo‘l uchastkasida, xususan, 19,2 kilometrlik "Qamchiq" temir yo‘l tunnelida poyezdlarning harakatlanishi davomida soha mutaxassislarining favqulodda holatlarga nazariy va amaliy jihatdan tajribalarini muntazam oshirib borish uchun har yili anʼanaviy tarzda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib turiladi. 

O‘quv mashg‘ulotining ssenariysi bo‘yicha kutilmagan vaziyatlarda qo‘llanilishi kerak bo‘lgan harakatlardan tortib, yong‘in sodir bo‘lgan yo‘lovchi poyezdini tonnel ichida to‘xtab qolishi, yo‘lovchilarni tunneldan evakuatsiya qilish choralari imkoniyatlari o‘rganib chiqildi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining  yo‘lovchi poyezdi, zamonaviy yong‘in o‘chirish mashinasi, temir yo‘l tizimida elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadigan maxsus avtomobil, tarmoq tibbiyot xodimlari hamda ularning yuqori malakaga ega mutaxassislarining ishonchli va sifatli harakatlari tufayli tashkil etilgan o‘quv mashg‘uloti kutilganidan ham aʼlo darajada bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda ishtirok etgan har bir vazirlik va tashkilot aʼzolari ushbu hududlarda favqulodda holatlarda qanday harakat qilish, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisani bartaraf etishda dastlab ishni nimadan boshlash, tunnel va tunnel ichida qanday harakat qilish, texnikalarni ishlatish, elektr va yong‘inni o‘chirish  tartiblariga amal qilish bo‘yicha malaka va tajribalarini oshirishdi. Shu tariqa O‘zbekistonning baland tog‘lar orasida qurilgan temir yo‘l uchastkalarida, ayniqsa, Markaziy Osiyoda uzunligi bo‘yicha yagona bo‘lgan 19,2 kilometrlik "Qamchiq" tunnelida tashkil etilgan ushbu o‘quv mashg‘uloti davomida har bir vazirlik, xususan, temiryo‘lchilar orttirgan tajriba, yuqori malaka ularga bunday favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, texnikalardan unumli foydalanish orqali, qisqa fursatda baxtsiz hodisalarni bartaraf etishda qo‘l kelishi shubhasiz.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI