Yo‘lsozlar malakasi va tajribasi oshirildi

Bugungi kunga kelib,  O‘zbekiston temir yo‘llarining umumiy uzunligi  7500 kilometrdan oshdi.  O‘z-o‘zidan mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiri deya taʼrif etilgan tarmoqning yo‘l xo‘jaligi tizimida mahalliy va tranzit yuk  hamda  yo‘lovchi poyezdlarining xavfsiz, shuningdek, ishonchli harakatlanishi eng avvalo,  yo‘lsozlarning tajribasiga, so‘ng esa ularning bilim, ko‘nikmasiga ham bevosita bog‘liq.

Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari”  aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi va uning tasarrufidagi korxonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarni  yuksak bilim olishi, muntazam tajribasini oshirib borishlari uchun o‘quv amaliy mashg‘ulotlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etib boriladi.

Joriy yilning noyabr oyida ham 25 nafar soha xodimini bilim, ko‘nikma va tajribasini oshirish hamda pirovard natijada poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi amaliy o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasining kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ularning zaxirasini shakllantirishga  qaratilgan  ishlarni  yana-da  jonlantirish,  o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari, mutaxassislari va ishchilarining kasbiy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini yana-da boyitish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslari hamda amaliy o‘quv mashg‘ulotlari jadvalini ishlab chiqishda  professor-o‘qituvchilar, shuningdek, Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi rahbarlari va yetakchi mutaxassislar  jalb  qilindi.

O‘quv kurslari va amaliy o‘quv mashg‘ulotining so‘nggi haftasida  ushbu 25 nafar yosh ishchi-xodim  Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi faoliyatining tashkil etilishi va barcha bo‘limlarning kundalik ish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Shundan so‘ng tinglovchilar  bilan  “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining katta zalida Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, “O‘zbekiston Qahramoni”  unvoni sohibi  Erkin Ummatov bilan uchrashuv tashkil etildi.

Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan  barcha  savollarga  atroflicha javob olish bilan bir qatorda bilim va ko‘nikmalarini yana-da boyitishdi. Shuningdek, E.Ummatov tinglovchilarning har biri bilan alohida suhbat o‘tkazib, xodimlarning ish faoliyati, egallab turgan lavozimidagi majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani, ularni qiynayotgan muammolar va uning yechimi  hamda kelgusidagi vazifalar xususida kelishib olishdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, yaʼni Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasigacha  bo‘lgan 5 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha qizg‘in suhbat uyushtirilib, o‘zaro fikr almashinildi.

Uchrashuv so‘nggida  Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i ishtirokchilarga uzoq yillik faoliyati davomida temir yo‘l sohasida amalga oshirilgan buyuk bunyodkorliklar, o‘zgarishlar, rivojlanishlar hamda hayotida sodir bo‘lgan hayajonli va qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI