Bayram munosabati bilan yo‘lovchilarga yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar haqida

Har kuni erta tongda “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida yo‘lovchilar soni juda ko‘p bo‘ladi. Ayniqsa, Yangi yil bayrami arafasida poytaxtimizdan turli viloyatlarga jo‘nab ketadiganlar soni yanada ortadi.
 
Temir yo‘l esa ham qulayligi, ham xavfsizligi bilan yo‘lovchilar uchun eng ishonchli transport turiga aylangan. Shu bois aholining asosiy qismi ushbu transport turidan foydalanmoqda. Mamlakatimizning bosh vokzali “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalida qishning sovuq kunlari bo‘lishiga qaramay moʻtadil ob-havo hukmron. Vokzal atrofi, kutish zali hamda perronlar ozoda. Xodimlar, vagon kuzatuvchilari yo‘lovchilarga xushmuomalalik bilan xizmat ko‘rsatishmoqda. Har kuni erta tongda ushbu vokzaldan Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlariga to‘rtta “Afrosiyob” zamonaviy poyezdlari qatnovi amalga oshiriladi, shuningdek, Buxoro – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan bitta “Afrosiyob” poyezdi ham qabul qilinadi. Bundan tashqari ushbu vokzaldan “Toshkent – Andijon”, “Toshkent – Buxoro”, “Toshkent – Qarshi” yo‘nalishlariga ham tezyurar poyezdlar harakati amalga oshiriladi.  

Bugungi kunda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatining “Tezyurar yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” filiali boshlig‘i Bahrom Karimov boshchiligidagi jamoada 316 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Yosh va bilimli qiz va yigitlardan iborat poyezd boshlig‘i hamda vagon kuzatuvchilari “O‘zbekiston”, “Sharq” hamda “Nasaf” tezyurar poyezdlarida faoliyat olib borishadi. 
Ta’kidlash lozimki, ushbu yo‘nalishda har kuni ertalab va kechqurun Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan har bir poyezd tarkibida 9 ta zamonaviy yo‘lovchi vagonlari mavjud. Ulardan “Vip”, Biznes” hamda “Econom” vagonlarida xizmat ko‘rsatilmoqda. Biroq Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘lovchilar oqimining ortgani sabab, ushbu yo‘nalishga yana bitta qo‘shimcha vagon qo‘shilib, jami 10 ta vagonda har kuni 400 nafardan ortiq yo‘lovchi yuz foizlik yo‘lovchi joyi band ko‘rsatkichi bilan manzilga yetkazilmoqda.

– Filialimiz tasarrufidagi  tezyurar yo‘nalishidagi poyezdlar Toshkentdan Andijon, Qarshi hamda Buxoro yo‘nalishlariga har kuni kunu tun doimiy ravishda harakatlanadi, – deydi Bahrom Karimov. – Poyezdlardagi vagon kuzatuvchilarining yo‘lovchilar bilan xushmuomalada bo‘lib, ularga sifatli xizmat ko‘rsatishlariga katta ahamiyat qaratamiz. Jamoamizda bir nechta xorij tillarini ham biladigan vagon kuzatuvchilari bor. Ular xorijlik sayyohlarga ham namunali xizmat ko‘rsatib kelishadi. Xizmat ko‘rsatadigan yo‘nalishimizdagi poyezdlarda yo‘lovchilar doimo 100 foiz harakatlanadi. Ayniqsa, Yangi yil bayrami munosabati bilan qo‘shimcha vagonlar ulandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi 35-sonli farmoniga muvofiq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda ichki yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chiptalariga berilgan chegirmalar haqida e’lon qilindi. Bu esa xalqimiz uchun bayram tuhfasi bo‘ldi. Bundan tashqari, bu kunlarda poyezdlar harakat jadvaliga o‘zgartirish kiritilib, 27 dekabrdan 10 yanvargacha qo‘shimcha, yo‘lovchilarda talab yuqori bo‘lgan “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovi ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu imtiyozlardan yurtimiz fuqarolari unumli foydalanib, dam olish kunlari respublikamizning turli hududlariga, yaqin qarindoshlarini ko‘rgani poyezdlarda belgilangan chegirma asosida viloyat va shaharlarimizga safar qilib, unumli foydalanishmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI