E’lon: Oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-oʻquvchilari uchun 50 foizli chegirma muddati uzaytirilgani haqida

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan kecha 2022-yil 06 yanvar kuni, oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-oʻquvchilarining qishki taʼtil muddati ikki haftaga uzaytirilishini to‘g‘risida eʼlon qilindi (sabablari ham e’londa ko'rsatilgan).

Shu bilan birga, talaba va o‘quvchilarning o‘z uylaridan ta’lim muassasalariga qaytishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida avia va poyezd chiptalariga 50 foizlik chegirma muddati 2022-yil 24-yanvarga qadar uzaytirilgani ham ta’kidlandi. Shu munosabat bilan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ kecha, ya’ni 2022-yil 06 yanvar kuni, talabalar tomonidan sotib olingan chiptalarni almashtirish tizimi 2022-yil 07 yanvardan boshlab joriy etilishi to‘g‘risida ma’lum qilindi.

Bugun esa, koʻplab hududiy temir yoʻl kassalarida xarid qilingan chiptalarni almashtirmoqchi boʻlgan talabala-o‘quvchilarning gavjum holati kuzatilmoqda. Ma’lumki, yurtimizda karantin cheklovlari hali bekor qilinmagan sharoitida bunday yig'ilishlarga yo'l qo'yib bo'lmaydi! Shu munosabat bilan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ rahbariyati quyidagi murojaat bilan chiqdi:

“Hurmatli oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-oʻquvchilari! Qishki taʼtilning 24-yanvargacha uzaytirilishi munosabati bilan, barcha hududiy temir yoʻl kassalariga murojaat qilishda kerakli karantin talab va meʼyorlariga rioya etishingizni soʻraymiz! Eslatib o‘tamiz, respublikamizdagi barcha temir yo‘l kassalari kechayu kunduz ishlaydi va chiptalar hech qanday qo‘shimcha to‘lovlarsiz almashtiriladi. Xarid qilingan barcha chiptalar almashtirilib, hech kim joysiz qolmaydi, chunki barcha poyezdlarda chiptalarni qayta rasmiylashtirish uchun kerakli miqdordagi o‘rindiqlar mavjud. Bundan tashqari, zarurat chora sifatida qo'shimcha poyezdlar yo‘lga qo‘yiladi!” 

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI