Agromahsulotlar uchun “yashil koridor” tizimi
2021-yil 21-sentyabr Moskva shahrida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra “Agroekspress” loyihasi doirasida agromahsulotlarni tashishni “yashil koridorlar” tuzgan holda yo‘lga qo‘yish va o‘rnatilgan tarif stavkalariga imtiyozlar taqdim etish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ vakillari va “Rossiya temir yo‘llari” OAJ vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan.
Uchrashuvga asosan yangi yetishtirilgan meva-sabzavotlarni hamda go‘sht-sut mahsulotlarni konteyner poyezd tarkibida Sergeli/Chuqursoy/Toshkent (O‘zbekiston) – Selyatino (Rossiya) yo‘nalishida O‘zbekistondan Rossiyaga yuborish va ushbu poyezd ortga qaytishida tashish masalasi muhokama qilindi va imtiyozli shartlarni qo‘llashga kelishildi.
2021-yil noyabr-dekabr oylarida mazkur kelishuvga asosan ilk tashish amalga oshirildi. Ya’ni, ikkita refrijeratorli konteynerlarda Rossiyadan O‘zbekistonga parranda go‘shti yuborilgan. Yurtimizdan esa ushbu poyezd orqali meva-sabzavotlar yuklangan bo‘lib, belgilangan manzilga yetkazildi. Sinov tariqasida jo'natish jarayonida yuk tashishning barcha texnologik va nazorat masalalari ishlab chiqildi. Shuningdek, joriy yil yanvar oyida 6 refrijerator konteynerlarda parranda go‘shti yuklangan ikkinchi partiyasi Rossiyadan O‘zbekistonga yetkazib berildi.
Qayd etish lozimki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 2022 yil 1-yanvardan 31-dekabrgacha yangi yetishtirilgan meva-sabzavot va tez buziluvchan mahsulotlarni yuklanmasi (netto) 30 tonnadan yuqori bo‘lmagan 40-futli va 40-futlidan yuqori xususiy refrijerator konteynerlarni konteyner poyezd tarkibida xususiy platformada “Agroekspress” loyihasi doirasida O‘zbekistondan Rossiyaga va ortga Keles chegara stansiyasi orqali Sergeli, Chuqursoy, Toshkent stansiyalaridan/ga Rossiyaning Selyatino stansiyasiga/dan tashishda bitta xususiy refrijerator konteyner uchun 305 AQSH dollari miqdorida maxsus stavka belgilandi. Ushbu tashuvlar 2022-yilning 1-chorak davr uchun yakka tartibda va guruhli jo‘natmada tashuvlariga ham qo‘llanilishi belgilandi.
– Bugungi kunda “Agroekspress” loyihasining asosiy afzalliklari bu yuklarni tezlashtirilgan holda yetkazib berish, yuklarning xavfsizligini taʼminlovchi avtonom sovutgichli konteynerlardan foydalanish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va tashishning har bir bosqichida doimiy real vaqt rejimida dispetcherlik nazoratini amalga oshirishdir, – deydi Rustam Muhamedov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Logistika va raqamlashtirishni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari. – Shuningdek, qulaylik yaratish maqsadida yuk jo‘natuvchilarga maxsus tariflarni belgilash orqali 50 foiz miqdorida tarif imtiyozlari berildi Xususan, Oʻzbekiston hududi orqali yuk tashish tarifi 305 dollar, Qozogʻiston orqali - 550 dollar, Rossiya - 528 dollarni tashkil etadi. O‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalari yuk tashish hajmini oshirishga va “Agroekspress” loyihasini rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildiradi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI