Sohamizda pazanda ayollari taqdirlandi
“Qo‘prikqurilish tresti” unitar korxonasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Pazanda ayol” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi va uning Toshkent shahridagi 1, 13, 67-Ko‘prikqurilish otryadlari kabi o‘nta korxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan 10 nafar eng pazanda xotin-qizlar ishtirok etishdi.
Ko‘rik-tanlovda temir yo‘l tizimi ayollari pazandalik sohasida nimalarga qodirligini amalda mehmonlar va hay’at a’zolari ko‘z o‘ngida yana bir bor ko‘rsatishdi. Tanlov shartlariga ko‘ra birinchi bosqichda ishtirokchilar uy sharoitida tayyorlagan tortlarini namoyish etishdi. Unga ko‘ra tayyorlab kelgan ko‘rkam va mazali tortlarni qanday tayyorlaganliklari haqida hay’at a’zolariga birma-bir tushuntirib berishdi. Berilgan savollarga ham atroflicha javob qaytarishdi.
Ikkinchi bosqichda pazanda ayollar uy sharoitida tayyorlagan olmali, behili va boshqa mevali pishiriqlarini taqdim etishdi. So‘nggi uchinchi bosqichda esa ular uy sharoitida salat taomini shu yerning o‘zida tayyorlashdi.
– 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tasarrufidagi 14 ta tashkilotning xotin-qizlari ishtirokida har yili an’anaviy “Pazanda ayol” ko‘rik-tanlovini o‘tkazib kelamiz, – deydi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi B.Abdullayev. – Bu yilgi tanlovda Toshkent shahrida bo‘lgan korxonalarimizdagi eng pazanda ishchi-xodimlarni taklif qilib, nizomda tasdiqlangan shartlar asosida uch bosqichda g‘oliblarni aniqladik. Birinchi bosqichda tort, ikkinchi bosqichda pirog hamda uchinchi bosqichda salat tayyorlashdi. E’tiborlisi uchinchi bosqichda, ya’ni salat tayyorlashda korxona rahbariyati tomonidan har bir ishtirokchiga masalliqlar olib berildi va shu joyning o‘zida ular bahor salatlarini tayyorlashdi va o‘z qobiliyatlarini mehmonlar hamda hakamlar oldida ko‘rsatishdi. Ishtirokchilarning har bir faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan kuzatib borildi va adolatli baholandi.
Ko‘rik-tanlov davomida pazanda ayollarning tayyorlagan taomlari hakamlar hay’ati tomonidan bir balldan besh ballgacha bo‘lgan shart asosida baholanib borildi. Yakunda esa eng ko‘p ball to‘plagan yuqori uchlik sohiblari aniqlandi va g‘olib bo‘lishdi. Unga ko‘ra “Ko‘prikqurilishbutlash” unitar korxonasi xodimi Nargiza Maqsudova birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 2-o‘rin esa “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassisi Nilufar Nabiyevaga nasib etdi. Kuchli uchlikdan 13-Ko‘prikqurilish otryadi xodimi Anastasiya Bural joy oldi.
Tanlov yakunida g‘oliblar va ishtirokchilar “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi Birlashgan kasaba uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI