Xalqaro multimodal yo'lak: Toshkentda bo‘lib o‘tgan ko'p tomonlama uchrashuv yakunlari to'g'risida

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 16-17 mart kunlari Toshkent shahrida olti davlat – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Osiyo Tinch okeani mintaqasi – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” xalqaro multimodal yo‘lakni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ushbu tadbirda Turkiya davlati ilk bor ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2019 yil 19-20 dekabr kunlari O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Gruziya temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlarining birinchi ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu safargi ko‘ptomonlama uchrashuvda tomonlar mazkur multimodal yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni jadallashtirish alohida strategik ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar. Tadbir ishtirokchilari bugungi kungacha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va ushbu yo‘lakning barcha ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorligi yuk tashish hajmini tiklash va ko‘paytirish, konteyner poyezdlari o‘tishini jadallashtirish va yuklarni birgalikda tashishni tashkil etishga yordam berganiga to‘xtalib o‘tdi. Maxsus tarif stavkalari va yuklarni tashish shartlaridan foydalanish esa mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish imkonini berdi, bu barcha ishtirokchilar manfaatlariga javob beradi va qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb qiladi.

Yo‘nalish bo‘yicha tashish hajmini oshirish maqsadida tomonlar Xitoy temir yo‘llarini yo‘lakga ulash bo‘yicha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Olti tomonlama uchrashuv yakunida ishtirokchilar joriy yilning yozlarida ushbu multimodal marshrutga aʼzo davlatlardan birida navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishga kelishib oldilar.

Tadbir doirasida shuningdek, Ozarbayjon, Gruziya, Turkmaniston va O‘zbekiston temir yo‘l maʼmuriyatlari delegatsiyalari, ishtirokchi mamlakatlar hududlari bo‘yicha vagonlarda imtiyozli tariflar taqdim etilgan holda kimyoviy yuk va mineral o‘g‘itlarni tashish imkoniyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan eksport yuklarini tashish geografiyasini Qora dengiz portlar yo‘nalishi bo‘yicha Yevropagacha kengaytirish zarurligi to‘g‘risida to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Ikki kunlik ko‘ptomonlama tadbir yakunida uchrashuv bayonnomasi imzolandi.

Axborot-taxliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI