Temiryo‘lchilar Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlashmoqda
Yosharish fasl bahorida tabiatning fusunkorligi va uyg‘onishi bilan o‘zimizni yangitdan tug‘ilgandek his qilamiz, qalblarimiz pok niyatlarga to‘lib, butun vujudimizda ezgu niyatlar jo‘sh ura boshlaydi.
Bugun, 25 mart kuni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Navro‘z umumxalq bayrami munosib nishonlandi. Shu kuni boshqaruv binosi xovlisi bayramona bezatilib, temiryo‘lchilar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Bayram tadbirida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, uning o‘rinbosarlari, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi, boshqarma boshliqlari, taklif etilgan mehmonlar hamda nafaqadagi temiryo‘lchilar, soha mutaxassislari va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbirda X.Xasilov so‘zga chiqib, Navro‘z bayrami mustaqillik yillarida yangicha maʼno-mazmunga ega bo‘lgani, xalqimiz ushbu ulug‘ bayramni “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan ayyom sifatida keng nishonlayotganini aytib o‘tdi.
– Haqiqatdan ham yurtimizda olib borilayotgan islohotlar inson manfaatlarini o‘zida mujassam etyapti, – dedi X.Xasilov. – Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yilga “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nom berganligi zamirida ham fuqarolarning ko‘nglida kechayotgan o‘y va ularni qiynab kelayotgan masalalarga eʼtiborni qaratish ustuvor vazifa ekanligini belgilab berdilar. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan temir yo‘l tizimida olib borilayotgan har bir bunyodkorlik ishlarimiz xalqimiz farovonligi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Shu bois barcha sohalarda erishayotgan yutuqlarimiz avvalo, sizlarning ona diyorimiz ravnaqiga qo‘shayotgan hissangiz tufaylidir. Ana shu hamjihatlik natijasida sohamizda ulkan yutuqlarga erishmoqdamiz. Fursatdan foydalanib barchangizni bugungi yasharish va uyg‘onish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan chin dildan tabriklashga ijozat bergaysizlar. Barchangizga o‘zimning qalbimdagi eng samimiy tilaklarimni izhor etaman. Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin. Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon, har kunimiz Navro‘z bo‘lsin.
Shundan so‘ng temiryo‘lchilarga shohona osh tortildi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bu yilgi Navro‘z bayramiga katta doshqozonlarda bahor taomi bo‘lgan sumalak ham tayyorlandi. Bahor tantanasiga alohida tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlarga bahoriy kayfiyat ulashdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI