Press-tur: Yo‘lovchi poyezdlarni reysdan qabul qilish, tayyorlash va safarga jo‘natish

Bugun, 29-mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Axborot-tahliliy media markazi tomonidan “O’ztemiryo’lyo’lovchi” aksiyadorlik jamiyatining Yulovchi vagonlarni reysga texnik va texnologik tayyorlash, taьmirlash filialiga press-tur tashkil etildi.

Dastavval, Filial faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berish maqsadida mutasaddilar tomonidan alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda qator ommaviy axborot vositalari vakillari yo‘nalish bo‘yicha qiziqarli va sermazmun ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Yo‘lovchi poyezdlar reysga, ya’ni safarga chiqishdan oldin qanday jarayon va nazoratlardan o‘tkazilayotgani haqidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Davra suhbati shaklidagi uchrashuvdan so‘ng Filial bo‘ylab ekskursiya o‘tkazildi. Dastlab jurnalistlarga poyezd Filialga kelgach, birinchi bo‘lib qayerga jo‘natilishi ko‘rsatildi. Ushbu ob’yekt – maxsus yo‘lak (16-son temir yo‘l deb ataladi). Yo‘lovchilar temir yo‘l vokzalida kuzatilganidan so‘ng, poyezd aynan shu yerga texnik va sanitariya tekshiruvi uchun, zaruriy ta’mirlash va sanitar ko‘rikdan o‘tkazish uchun keltirilatadi. Bu yerda, shuningdek, vagondagi yostiq va to‘shak choyshablari, sochiqlar, parda va hokazolarni kir yuvish majmuasiga jo‘natiladi. Choy idishlari esa tozalash va yuvish uchun yuboriladi. Bundan tashqari, vagon kuzatuvchilari (provodnik) tomonidan yo‘lovchi vagonlarni topshirish va qabul qilish jarayoni ham bu yerda amalga oshiriladi. So‘ng vagonlarni ichki tozalash-dezinfeksiya jarayoni amalga oshirilib, harakat tarkibi maxsus yuvish uskunalari yordamida tozalanadi. Keyingi bosqichda poyezd vagonlari suv va ko‘mir bilan yuklanadi. Barcha bosqichlardan o‘tgandan so‘ng, yo‘lovchi vagonlar ta’mirlash yo‘liga ko‘chiriladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur filial yo‘lovchi vagonlarni reysga tayyorlash respublika miqiyosida  yagona depo hisoblanadi. Filialda qabul qilingan texnologik jarayonga muvofiq yo‘lovchi poyezdlar harakatining amaldagi harakat jadvalini hisobga olgan holda faoliyat olib boriladi. Filialda olib borilayotgan barcha jarayonlar tuzilgan kunlik ish rejasiga muvofiq poyezdlar harakatining amaldagi jadvali, poyezdlar o‘z vaqtida shakllantirilishi va ishlarning texnologik jarayonini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari shuningdek, kir yuvish majmuasiga tashrif buyurishdi. Bu yerda, vagondlarda ishlatilgan mato anjomlarini yuvish, mexanik va kimyoviy tozalash ishlari amalga oshiriladi. Darvoqe, ushbu majmua ochilganiga atigi 3 oy bo‘lgani haqida aytib o‘tildi. Avvallari, ishlatilgan choyshablarni yuvish va tozalash uchun xususiy sektor xizmatlariga murojaat etilardi. Yangi kir yuvish majmuasi ochilgan 146 nafar ishchi-xizmatchi bandligi ta’minlandi. Bu yerda 30 kilogramdan 100 kilogramgacha bo‘lgan kir yuvish uskunalari ishlatilmoqda. Filialda shuningdek, vagon choyshablari va temiryo‘lchilar uchun ayrim turdagi maxsus kiyim-kechaklar tikish sexi ham mavjud.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘quv-texnik mashg‘ulotlarini o‘tkazish, mutaxassislar malakasini oshirish, yosh mutaxassislarga amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun barcha zarur ko‘rgazmali qurol-anjomlari bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan o‘quv yo‘lovchi vagon bilan ham tanishdilar.

Tadbir davomida xalqaro va mahalliy yo‘lovchi poyezdlarini reysga tayyorlashdagi farqlar haqida ham aytib o‘tildi. Malakali mutaxassislar xalqaro yo‘lovchi poyezdlarida yangi standartlarga ko‘ra, bio-hojatxona  o‘rnatilinishi  rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlarida vagon-restoranlarda uch mahal issiq ovqat tayyorlanishi ta’kidlandi.

Filial bo‘ylab uyushtirilgan sayohat yakunida jurnalistlar yo‘lovchi poyezdlar reyga tayyorgarlik jarayonining yakuniy bosqichi, ya’ni harakat tarkibi to‘liq shakllangan ko‘rinishi bilan ham yaqindan tanishdilar.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI