Yo‘lsozlar navro‘zni o‘zgacha shukuh bilan nishonlashdi

Mehr-muruvvat, saxovat va oqibat ayyomi bo‘lmish Navro‘z shukuhi kezib yurgan ushbu kunlarda yurtimizning, qolaversa, temir yo‘l tizimining barcha korxonalarida bayram tantanalari o‘tkazilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli 203-sonli Tajriba yo‘l mashina stansiyasida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri ham katta ko‘tarinkilik va o‘zgacha tarovat bilan nishonlandi. 

Tadbirga Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufidagi barcha korxonalardan ishchi-xodimlar bilan birga, sohaga mehnati singgan faxriy temiryo‘lchilar ham taklif etildi. Bayramda so‘z olgan Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Ummatov yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etar ekan, o‘zining ezgu amallari ila qalblardan joy olgan Navro‘z ayyomi istiqlol sharofati yuksak darajada qadr topayotganini alohida ta’kidladi.

– Navro‘z ezgulik, yaratuvchanlik, tinchlik va xotirjamlik bayramidir, – deydi u o‘z tabrigida. – Bu ayyomning eng go‘zal qirralari, fazilatlari bor bo‘y-basti bilan hayotimizda o‘z ifodasini topgan. Shu jihatlari bilan ham u xalqimizning qaddi va qadri baland bayramlardan biri bo‘lib kelgan. Ko‘rku tarovati, hayotbaxsh go‘zalligi bilan boshqa bayramlardan alohida ajralib turadigan Navro‘z timsolida xalqimizning asriy qadriyatlari, milliy urf-odat va an’ana-udumlari tobora  mustahkamlanib, ongu shuurimizga muhrlanib borayotgani dillarga g‘urur va xushnudlik bag‘ishlaydi.

Shuningdek, bayram tadbirida xalqimizning ulkan bunyodkorlik ishlarida temiryo‘lchilarning, xususan, yo‘lsozlarning ham munosib hissasi borligi alohida e’tirof etildi. Bayram qatnashchilari o‘zbek milliy taomlari – sumalak, ko‘k somsa, halim kabi bahoriy taomlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida o‘tirib,  dillarni xushnud etuvchi kuy-qo‘shiqlardan bahramand bo‘ldilar. Tadbir davomida korxona rahbariyati yana bir xayrli amalga bosh bo‘ldi. Korxonada samarali va faol mehnat qilib kelayotgan bir qator ishchi-xodimlar qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi. Yoshlar ittifoqi kengashi raislari va targ‘ibotchilari, kasaba uyushmalari va ishchi-xodimlari ishtirokida tashkil etilgan mazkur bayram tadbirida yoshlarning mehnat faxriylari, O‘zbekiston Qahramonlari bilan “Ustoz-shogird” an’anasi asosida suhbatlari ham  tashkil etildi. 

– Bu yil Navro‘zga bag‘ishlangan bayramimizni keyingi yillarda ham o‘tkazish niyatidamiz, – deydi korxona rahbari Baxtiyor Fayzullayev. –  Chunki mamlakatimizda inson qadri eng oliy qadriyat hisoblanadi. Navro‘z esa qadr-qimmat, mehru oqibatni tarannum etishi bilan bizga avlodlarda meros bo‘lib kelayotgan bayramdir. Bu an’analar, qadriyatlar yoshlarga o‘rnak bo‘lishi kerak. Keksalar va bemorlar holidan xabar olish, yoshi ulug‘ kasb egalaridan tajriba o‘rganishni yo‘lga qo‘yish lozim. Qolaversa, ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram tantanasi korxona ishchi-xodimlari orasida hurmat-e’tiborni yanada yaqinlashtiradi, kayfiyatlarini orttirib, g‘ayrat-shijoatga undaydi.

Bayramda Vatan, bahor, mehru muhabbatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga o‘zgacha zavq ulashdi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI