Rahbar va yoshlar uchrashuvi
Kuni kecha Toshkent davlat transport universitetida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2022 yil 1 martdagi “Transport sohasidagi tashkilotlar rahbarlari hamda Toshkent davlat transport universiteti talabalari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida temir yo‘l sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali mutaxassislarimizni bo‘lajak temiryo‘lchi yoshlardan iborat talabalar bilan o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekiston hamda jahon temir yo‘llarida erishilayotgan yuksak natijalarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda talaba yoshlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar va ularning o‘rinbosarlari bilan uchrashib, kelajak faoliyatlari uchun muhim va dolzarb bo‘lgan masalalarda suhbatlashib, tajriba orttirishdi. Unda Personallarni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i V.To‘xtayev, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktorining birinchi o‘rinbosari D.Xojiakbarov, Yuk va tijorat ishlari boshqarmasi boshlig‘i A.To‘ychiyev, Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Norqo‘ziyev hamda Tashishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Mirzaaxmedov ishtirok etdilar.
Mutasaddi xodimlar uchrashuv davomida mamlakatimiz temir yo‘l transportining asosiy bo‘g‘inlari bo‘lgan yuk va yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, tranzit salohiyati, yangi loyihalarning hayotga tadbiq etilayotgani hamda korxonalarning asosiy faoliyati bilan tanishtirib, kelajakdagi rejalari bo‘yicha muhim yangiliklar berish bilan bir qatorda yangi kadrlarga qo‘yilayotgan talablar, universitet talabalarini amaliyotga jalb qilish va ishga qabul qilish masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, hududlardagi mintaqaviy temir yo‘l uzeli hamda boshqarma boshliqlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol, shuningdek, o‘quv jarayonida o‘zining eng yuqori natijalari bilan alohida o‘rin egallagan iqtidorli talaba yoshlarni har doim qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishlarini aytib o‘tishdi.
Darxaqiqat ta’kidlash lozimki, ushbu uchrashuv Toshkent davlat transport universiteti talabalarining temir yo‘l transportifaoliyati haqidagi tasavvurlarini yanada boyitish, sohada olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, texnik-texnologik islohotlarni ularning ongiga yanada chuqurroq singdirish, ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish hamda bitiruvchi yoshlarni ishga jalb qilishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob olishdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI