Temir yo‘l vokzallardagi servis xizmatlari haqida
Bugungi kunda respublikamizda jami 35ta temir yo‘l vokzallari mavjud bo‘lib, ularning barchasida yo‘lovchilar uchun zamonaviy, qulay va shinam sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ularni yana-da yaxshilash borasida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, qo‘lida chiptasi bo‘lgan har bir yo‘lovchining safari dastlab temir yo‘l vokzalining kirish nazorat bo‘linmasi va qo‘l yuklarini tashish aravasidan boshlanadi. Hamyurtlarimiz va yurtimiz mehmonlar og‘irini yengil qiluvchi aravalar barcha vokzallarda bepul taqdim etiladi va aksariyat vokzallarda temir yo‘l vokzallarining kirish nazorat bo‘linmalari atrofida joylashgan bo‘ladi. Ularning soni vokzalning yo‘lovchilarni qabul qilish va kuzatish hajmidan kelib chiqib belgilanadi. Masalan, yurtimizda yo‘lovchilar oqimi eng ko‘p bo‘lgan Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalida ularning soni 100 ta bo‘lsa, Urganch temir yo‘l vokzalida – 50. Shu bilan birga yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida pullik qo‘l yuklarini tashishning pulli xizmati xam yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, xar bir yo‘lovchining bir qo‘l yuki uchun to‘lov miqdori 5000 so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan va bemor yo‘lovchilar uchun maxsus aravachalardan foydalanish xizmatlari ham mavjud. Buning uchun ushbu toifadagi yo‘lovchilarga hamrohlik qilib kelgan fuqarolar vokzal navbatchisiga og‘zaki murojaat qilsa kifoya. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi barcha temir yo‘l vokzallarida yo‘lovchilarga servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun zamonaviy talablarga mos barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib ularga keng va shinam kutish zallari, shu jumladan VIP-kutish zallari, ona va bola xonalari, tibbiyot xonasi, sanuzellar mavjud. Kutish zallarida bankomatlar, infokioskalar o‘rnatilgan, turli savdo do‘konlari, suvenir mahsulotlar sotuvi tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, yo‘lovchi poyezdlarning harakat jadvali, elektron chiptalarni harid qilish va boshqa bu kabi maʼlumotlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan. Shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning "Ishonch telefoni" mavjud: +998-71-299-94-50. Alohida taʼkidlash lozim, "Ishonch telefoni" bu – maʼlumot beradigan xizmat emas! Maʼlumot berish xizmatining qisqa 1005 raqami mavjud yoki joylardagi temir yo‘l kassalariga murojaat qilish mumkin. Shuningdek, Telegram messenjeridagi @pastrans ilovaga ham murojaatlarni yuborish mumkin.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI