Gender tengligiga bag‘ishlandi
“Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar o‘rtasida gender tenglikni taʼminlash hamda “Iffatli ayol” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Maʼnaviyat targ‘ibot jamiyati aʼzosi, falsafa fanlari doktori, professor, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni sohibasi Jamila Shermuxamedova ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasining Davlat tilini rivojlantirish va takomillashtirish maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha uslubchisi hamda korxonaning Xotin-qizlar kengashi raisi Yodgora Usmonova so‘zga chiqdi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda genderlik sohasini rivojlantirish, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlashda olib borilayotgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu borada O‘zbekiston temir yo‘llarida ham salmoqli ishlar amalga oshirilgani tahsinga sazovorligini qayd etdi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda gender tenglikni taʼminlash borasida muhim qadam tashlanib, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinganini eʼtirof etdi.
– Taʼkidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimda gender tengligini taʼminlash bo‘yicha ham bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bu borada “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasida ham talaygina ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi Y.Usmonova. – Korxonamizda mehnat qilayotgan xotin-qizlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va boshqa qonuniy hujjatlarda ayollar uchun ko‘rsatilgan imtiyozlardan to‘la foydalanmoqda.
Davra suhbatida Jamila Shermuxamedova ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respyblikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida nazarda tutilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash, gender tengligi siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash, soha faoliyatini tybdan takomillashtirish hamda temir yo‘l tizimida ishlab kelayotgan xotin-qizlarning huquqiy va ijtimoiy bilimlarini oshirish, himoya qilish, moddiy-maʼnaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar bo‘yicha yuqorida ko‘rsatilgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berdi.
– Bugungi kunda qabul qilingan Strategiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, unda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi J.Shermuxamedova. – Xususan, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tizim xodimlari uchun gender strategiyasining ahamiyatini targ‘ib etishga qaratilgan seminarlar o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilishi, davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy sohada, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlandi.
Ayniqsa, 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida Gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishi mamlakatda inson huquqlariga nisbatan hurmat bilan qarashni shakllantirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da yuksaltirish imkonini beradi.
Seminarda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, shuningdek, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan Himoya qilishda himoya orderining ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilarga maʼlumot berildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar taklif va mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI