Elektrlashtirish: Investitsiya dasturi asosida ishlar jadal amalga oshirilmoqda

Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4937-son “2021-2023-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 16 iyuldagi PQ-3857-son “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlariga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Kapital qurilish direksiyasi bosh loyihachi “Boshtransloyha” AJ bilan birgalikda “Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi. O‘tgan 2021 yilning dekabr oyida esa mazkur loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (AIIB) tomonidan kredit ajratilishi maʼqullagan. 

Eʼtirof etish lozimki, ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi kelgusida Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Shu kunlarda mazkur loyihaning amalga oshirilishi va qurilishga oid qator masalalarni o‘rganish va tajriba almashish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Bosh menejer-bosh muhandis V.B. Zafar Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhi qurilish obyektiga tashrif buyurishdi. Unda, jumladan, qumli hududlarda kontakt tarmog‘i tayanchlarini o‘rnatish usullarini o‘rganish, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar harakati uchun temir yo‘lning egri uchastkalarini to‘g‘irlashga oid takliflar o‘rganish kabi masalalar ko‘rib chiqildi. 

Buxoro, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi elektrlashtirilgan uchastkaning umumiy uzunligi 465,5 kilometrni tashkil etadi. Loyihada rejalashtirilayotgan ishlarga ko‘ra, elektr tutashtiruvchi tarmog‘ining  navbatchilik  binolar, qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmalar, avtomobillar uchun yo‘l o‘tkazgichlar hamda lokomotiv brigadasi uchun dam olish uyi qurilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish punktlari va qismlarga ajratish hamda joriy taʼmirlash sanoat korxonasini rekonstruksiya qilish, texnik xizmat ko‘rsatish binolarni qurish (post ES) va boshqa temir yo‘lga texnik xizmat ko‘rsatish bino va inshootlarini qurish loyihasi rejalashtirilgan. 

Taʼkidlash joizki, mazkur loyihani elektrlashtirish ishlari bir vaqtning o‘zida Buxoro va Xorazm viloyatlaridan ikki tomondan bir-biriga qarab amalga oshirilmoqda. Ayni paytda kontakt tarmog‘ining poydevori va temir-beton tayanchlari o‘rnatilmoqda hamda elektr tutashtiruvchi tarmog‘i navbatchilik punkti binosi (DPKS), to‘siq devorlar, poydevor uchun beton kuyish ishlari va temir yo‘lning egri izlarini taʼmirlash ishlari bajarilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI