Bitiruvchi talabalar ish o‘rinlari bilan ta’minlanmoqda

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va tasarrufidagi korxonalarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji Toshkent davlat transport universiteti, shuningdek, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tayyorlanayotgan kadrlar hisobiga qondirilib kelinayotganligi bois, har yili an’anaviy tarzda temir yo‘l sohasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib kelinmoqda.

An’anaga sodiq qolgan holda, bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda bitiruvchi talabalar va ish beruvchilar bilan ish o‘rinlariga taqsimlash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi. Unda Jamiyat boshqarmalari, tasarrufdagi korxonalar rahbarlari va mas’ul xodimlari, universitet rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari hamda 4 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi bitiruvchilari ishtirok etib, mazkur bitiruvchilar tarmoq korxona-tashkilotlariga ishga tavsiya etildilar.
Uchrashuv davomida universitetda davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilar bugungi suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgach, 3 yil mobaynida Jamiyat mutaxassislari taklif etgan tarmoq korxonalarida ishlab berishi zarurligi, shartnoma asosida taxsil olgan bitiruvchilar esa suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgach, temir yo‘l korxonalarida dastlabki mehnat faoliyatini boshlashda bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan korxonalarda ish o‘rinlari bilan ta’minlanishlari qayd o‘tildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda hududlardagi tarmok korxonalaridan kelgan mutaxassislar uch guruhga bo‘linib, anjumanlar zali va o‘quv xonalarida univetitetning bir nechta yo‘nalishi bo‘yicha bitiruvchi talabalar bilan navbat asosida suhbatlashib, ularning mutaxassisligi bo‘yicha yo‘nalishi, bilimi, ishga layoqatligi, kasbga qiziqishi, xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha suhbatlashib, sinovdan o‘tkazishdi va egallagan yo‘nalishi hamda qiziqishiga qarab tarmoq korxonalariga taqsimlashdi.

Suhbat jarayonida mutaxassislar tomonidan yoshlarning kasbiy bilimi, xorijiy tillarni qanchalik bilishi, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish imkoniyatlari, korxonaga qanday yangilik va yutuqlarni olib kirishi sinovdan o‘tkazildi.

Bitiruvchi talabalar uchun hayajonli va mas’uliyatli bo‘lgan ishga taqsimlash uchrashuvida yoshlarning oliygohda egallagan puxta bilimlari yana bir bor sinovdan o‘tdi. Iqtidorli va o‘z kasbining fidoyisi bo‘lishni maqsad qilgan bitiruvchilarning aksar qismi esa mamlakatimizning barcha hududlaridagi temir yo‘l korxonalariga taqsimlanib, talabalik davri yakunlanmay turib, ish o‘rinlariga ega bo‘lishdi.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI